O‘zbekiston | 17:20 / 15.04.2018
143097
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi maktab formasi sinovdan o‘tkazila boshlandi (fotoreportaj)

O‘zbekistonning ikki shahrida yangi maktab formasi sinovdan o‘tkazila boshlandi. Yagona maktab formasiga doir tajriba Toshkent shahridagi 91-sonli hamda Sirdaryo viloyatidagi 4-sonli maktablarda o‘tkazilmoqda. 

Foto: O‘zto‘qimachiliksanoat

"O‘zto‘qimachiliksanoat" vakillarining KUN.UZ'ga ma'lum qilishicha, yangi maktab formasi dizaynini ishlab chiqishga tanlov asosida "Sharq liboslari" dizayn-markazi, shuningdek mamlakatning taniqli dizaynerlari jalb qilingan. 

Mahalliy dizaynerlar tomonidan ishlab chiqilgan forma uch yosh guruhiga ajratilgan. Bu 1-4, 5-7 va 8-11-sinf o‘quvchilari uchun formalar to‘plamlaridir. O‘quvchilar formasining 30 xil variantidan har bir yosh doirasi uchun to‘rttadan to‘plam tanlab olindi. 

Foto: O‘zto‘qimachiliksanoat
Foto: O‘zto‘qimachiliksanoat

O‘quvchilarga maktab formalari topshirilgandan keyin ota-onalardan maxsus kartaga e'tirozlarni yozib borish so‘raldi. Tajriba doirasida maktab formasining o‘quvchilar uchun qanchalik qulayligi va chidamliligi inobatga olinadi - kiyim yuvilganidan keyin o‘z sifatini o‘zgartirmaydimi, mato sifati qanday, katishkalar hosil bo‘lmaydimi va dazmol qilinganda qanday o‘zgarishlar kuzatiladi va h.k.

Maktab formasi sifati "O‘zstandart" agentligi tomonidan nazoratga olinadi. 

Foto: O‘zto‘qimachiliksanoat

Dizaynerlarning so‘zlariga ko‘ra, kolleksiyalarni yaratishda uch mavsum — kuz, qish va bahor, shuningdek o‘quvchilarning yoshi, iqlimning o‘ziga xos jihatlari, milliy mentalitet, sanitar normalar hisobga olingan. Modellarda mahalliy ishlab chiqarilgan matolar va furnitura qo‘llaniladi va asosiy tanlov tabiiy matolarga tushadi. 

Ishlab chiqaruvchilar kiyimlarni qulay, estetik jihatdan jozibador va hamyonbop bo‘lishiga harakat qilishgan. Zero maktab formasi psixologik jihatdan bilim olishga moyillikni oshirishi kerak. 

Ta'kidlash joizki, mazkur tajriba o‘quv yili oxirida yakunlanadi va kelgusi o‘quv yilidan mahalliy to‘qimachilik sanoati korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan yagona maktab formasini amaliyotda tatbiq etish rejalashtirilgan. O‘quv muassasalari rahbarlari, ota-onalar va o‘quvchilarga tanlov uchun bir necha variant taqdim etilishi ko‘zda tutilgan, ularni maxsus do‘konlardan xarid qilish mumkin bo‘ladi.

Foto: O‘zto‘qimachiliksanoat

O‘zbekiston maktablarida yagona formani joriy qilish tashabbusi o‘tgan yilning boshida prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan edi. Davlat rahbari o‘shanda o‘quvchilar tashqi ko‘rinishi jihatidan bir-biridan farq qilmasligi kerakligi va ular orasida ijtimoiy tengsizlik bo‘lishi kerak emasligini ta'kidlagan edi. 

Mavzuga oid