Sport | 23:58 / 20.04.2018
7419
3 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» Venger o‘rniga nomzodlar bilan muzokara o‘tkazishni boshladi

«Arsenal» «Barselona»ning sobiq murabbiyi Luis Enrike bilan muzokara o‘tkazmoqda. Bu haqda Independent nashri xabar tarqatdi.

Qayd etilishicha, 47 yoshli ispaniyalik mutaxassis inglizlar klubida sport direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatayotgan Raul Sanllexi bilan yaxshi aloqalarga ega, Enrike va Sanllexi «Barselona»da ham birga ishlashgandi.

Xabar qilinishicha, Enrike «Arsenal»dan Arsen Vengerniki kabi katta maosh talab qilmoqda. Bu esa ispaniyalik murabbiyning tayinlanishiga to‘siq bo‘lishi ham mumkin.

Le Parisien xabariga ko‘ra esa, Arsen Venger o‘rnini Karlo Anchelotti egallaydi.

Anchelotti ayni vaqtda klubsiz – o‘tgan yilning sentabrida u «Bavariya»dan iste'foga chiqarilgandi.

Bundan avvalroq 58 yoshli italiyalik mutaxassis vatandoshi Antonio Konte o‘rniga «Chelsi»ga qaytishi haqida xabar berilgandi, ammo Le Parisien xabariga ko‘ra, u  «Arsenal» bosslari uchun asosiy variant hisoblanadi.

Anchelotti Angliyada ishlash tajribasiga ega, u 2010 yili «Chelsi» bilan «oltin dubl» qayd etgan, chempionat va mamlakat Kubogida zafar quchgandi.

Bundan avvalroq The Mirror nashri, «Arsenal»ning sobiq futbolchisi, ayni vaqtda «Nyu-York Siti»ni boshqarayotgan 41 yoshli Patrik Viyeyra jamoaning yangi murabbiyiga aylanishi, uning nomzodi Venger tomonidan ham ma'qullangani to‘g‘risida xabar tarqatgandi. 

Bugun 68 yoshli Venger mavsum yakunida «Arsenal»ni tark etishini e'lon qildi. U 22 yil jamoani boshqardi va jami 17 sovrin, jumladan, 3 marta Angliya chempionligi va 7 marta Angliya Kubogini qo‘lga kiritdi. U shuningdek, jamoa bilan 7 marta Superkubok o‘yinida zafar quchgan, Angliya premer-ligasida o‘yin o‘tkazish bo‘yicha rekord o‘rnatgan (823). 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid