Xayriya natijasi: Ayolning jasorati o‘z turmush o‘rtog‘ini sog‘lom hayotga qaytardi
Kuni kecha KUN.UZ tahririyatiga xushxabar keldi. Oxunovlar oilasi yodingizdami? Oila suyanchi Begali Oxunov jigar saratoni xastaligiga chalinib, og‘ir ahvolda kolgandi. 4 farzandni tarbiya qilayotgan Dildoraxon turmush o‘rtog‘iga donor bo‘lishga rozi bo‘lgandi. Bu haqida ular uchun tashkil etgan xayriya aksiyamizda e'lon qilgan edik. Xalqimizning yordami bilan kerakli mablag‘ yig‘ilib, oila Hindistonga murakkab jarrohlik amaliyoti uchun safarga ketishgandi.
Xushxabar shuki, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tib, ular yurtimizga qaytib kelishdi. Ko‘nglimiz yorishdi. KUN.UZ Oxunovlar xonadonida bo‘ldi.
- Xudo shifo berdi. Bu kasallik bilan qancha insonlar qiynalib yuribdi. Bu narsa o‘z boshimdan o‘tdi. Ikki yil ichida boshimdan o‘tganini o‘zim bilaman, - deydi biz bilan suhbatda Begali Oxunov. – Ota-onamning yoshlari ulug‘, ularga dardimni aytolmasdim. Bilsa, mana shu ayolim bilardi. Xudoga shukr, dardlar ancha ortda qoldi. Dardimga shifo topish maqsadida tinmay duoda bo‘ldik, ayolim Allohga tavakkal shu ishga qo‘l uraylik, sizga o‘zim donor bo‘laman dedi. Mana shu qarorning o‘zi katta jasorat. Operatsiyalarni boshimizdan o‘tkazdik. Mana, u ham, men ham sog‘lommiz.
Ma'lum bo‘lishicha, shifokorlar Begali Oxunovga to‘la tuzalib, jigar jipslashib ketguncha, turli tavsiyalar berishgan. U 6 oygacha bo‘lgan vaqt ichida og‘ir ish qilmasligi, doimiy parvarishda bo‘lishi kerak. Shundan so‘ng qayta tekshiruvdan o‘tadi.
- Odamlar bizga ko‘p yaxshilik qildi. Biz ham ularning bu yaxshiliklariga javob qaytarishni niyat qilganmiz. Alloh niyatimizga yetkazsin, - deydi xayriyada qatnashganlardan minnatdor Begali Oxunov.
Marra deyarli bosib o‘tildi. Ko‘ngillar xotirjam. Oilaparvarlik uchun namuna bo‘ladigan juftlik. Bu juftlik hayotning pastu balandi, og‘iru yengili, quvonchu alamlarini birga ko‘rishdi. Avvalo, Yaratgan bu oilaga pokiza muhabbat, chiroyli sabr ato etgan. So‘raganlari bor ekan, duolar qabul bo‘lgan. Ko‘nglimizdan o‘tgani mana shunday ahil va mustahkam oilalar ko‘paysin! Bemorliklar hammaning boshidan arisin! KUN.UZ xayriya qilganlarga katta rahmat aytadi!
Mavzuga oid
15:50 / 28.04.2021
Xayriya natijasi: Jamshid Isroilov Hindistonda muvaffaqiyatli operatsiya qilindi
14:39 / 26.03.2021
Xayriya natijasi: Dilshodbek og‘ir kasallikdan sog‘aymoqda
14:05 / 01.04.2019
Xayriya natijasi: Saratonga chalingan Masturaning muolajalari yakunlanib qoldi
20:16 / 20.02.2019