O‘zbekiston | 21:06 / 24.04.2018
22326
2 daqiqa o‘qiladi

Harbiy havo kuchlari vertolyotlarda uchish-o‘quv mashqlarini o‘tkazdi

Toshkent viloyati, Chirchiq shahrida joylashgan harbiy qismda O‘zbekiston Qurolli Kuchlariga qarashli Harbiy havo kuchlari vertolyotlarda uchish-o‘quv mashqlarini o‘tkazdi. Bu haqda mazkur o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashgan KUN.UZ muxbiri xabar bermoqda.

Uchish mashqlari ikki bosqichda o‘tkazildi. Birinchi bosqich kunduzgi uchish mashqlari bo‘lib, Toshkent viloyati, G‘azalkent tumani va tog‘li hududlarda uchuvchilarning professionallik darajasi sinovdan o‘tkazildi. Ikkinchi bosqich tungi vaqtda o‘tkazildi. Unda vertolyot uchuvchilari o‘zlariga topshirilgan qiyin mashqlarni bajarishdi. Ya'ni, tun bo‘lishiga qaramay kerakli yukni belgilangan manzillarga yetkazib, uchish va qo‘nish malakalarini yanada mustahkamladi. Tajribali uchuvchi ofitserlar tarkibi yosh uchuvchilarga mashg‘ulotlar davomida o‘z tajribalarini ulashishdi. Ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib turishdi.

 

Vertolyotlar Fransiyadan keltirilgan, bo‘lib zamonaviy turlaridan hisoblanadi. O‘zbekiston harbiy havo kuchlarida AS 550 va AS 332 rusumli vertolyotlarni uchratish mumkin. Bu turdagi vertolyotlar hozirda Eurocopter (Yevrokopter) yoki Airbus (Eyrbas) vertolyotlari deb ataladi. AS vertolyotlari 1974 yil iyun oyida Fransiyada birinchi bor namoyish qilingan. Yagona turbo motorga ega AS vertolyotlar bizning harbiy havo kuchlarda, asosan, transport va dushmanning aniqlangan hududlariga zarba beradigan texnika vazifalarini bajaradi. Bugungi kunda AS modeldagi vertolyotlar dunyoning 30dan ortiq mamlakatiga eksport qilinadi. Ushbu vertolyotlar soatiga 250-280 km masofani bosib o‘ta oladi. Maksimal uchish uzoqligi to‘ldirilgan yonilg‘i baklari bilan 660 km. 1,1 tonnadan ortiq vaznga ega. 2 tonnagacha yuk olishi mumkin. Vertolyotning uzunligi 11 metrga yaqin. Boshqarishga juda qulay. AS vertolyotlarining Fennek va Puma turlari haqiqiy harbiy salohiyatga ega jangovar vertolyotlar sirasiga kiradi.

Mavzuga oid