Jamiyat | 01:36 / 25.04.2018
28362
3 daqiqa o‘qiladi

12 kunlik chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘lgan ayolga sud hukmi o‘qildi

Joriy yilning 24 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tuman sudida raislik qiluvchi sudya X.Xotamov boshchiligida sudlanuvchilar U.Xodjayev, S.Rejapova va N.Sobirovalarga nisbatan jinoyat ishi ko‘rildi. Ular O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qism «a» bandi, ya'ni odam savdosi jinoyati bilan ayblanayotgan edi.

Kun.uz muxbirining ma'lum qilishicha, 2018 yil 8 fevral kuni fuqaro G.Shermatova Toshkent viloyati IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unga «Umid» va «Nargiza» ismli shaxslar noma'lum ayol kishining12 kunlik chaqalog‘ini unga 10 ming AQSh dollari evaziga sotishni taklif qilib, 2018 yil 9 fevral kuni Toshkent viloyati hududiga olib kelishga kelishganligini, ushbu holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.

Mazkur arizaga asosan, 2018 yil 9 fevral kuni soat 13:00 da O‘zbekiston Respublikasi IIV va Toshkent viloyati IIB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida, Rejapova Sayyora 2018 yil 20 yanvar kuni tug‘ilgan, qiz farzandi To‘ychiyeva Shoiraxonni jinoiy sheriklari U.Xodjayev, N.Sobirovalar bilan o‘zaro oldindan til biriktirib, O‘rtachirchiq tumani hududida joylashgan kafeda 10 ming AQSh dollari evaziga sotayotgan vaqtida huquq tartibot organi  xodimlari tomonidan ushlangan.

10 ming AQSh dollari esa xolislar ishtirokida, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.

Sud ishni to‘liq o‘rganib chiqdi.

Barcha yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni hisobga olib hukm o‘qidi. Xodjayev Umid 9 (to‘qqiz) yilga ozodlikdan mahrum qilindi(muqaddam sudlangan). Jazoni qattiq tartibli koloniyada o‘tashi belgilab qo‘yildi.

Rejapova Sayyora (go‘dakning onasi) va Sobirova Nargizalarga 5 (besh) yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Taraflarga sud hukmidan norozi bo‘lgan hollarda, belgilangan tartibda appelyatsiya yoki kassatsiya shikoyati berishlari mumkinligi uqtirildi.

Sud vaqtida go‘dakning onasi Sayyoradan nega farzandini sotayotganligi so‘ralganida u o‘zining ishsiz ekanligi, oilaviy nochor holatga kelib qolganligi, ijaraga kun kechirishi va xo‘jayini xorijda yollanma ishlar bilan shug‘ullanib oila boqishi, hozirgi vaqtda pulga juda qiynalayotganligini, shu sababli o‘z farzandini sotmoqchi bo‘lganligini aytib o‘tdi.

Mavzuga oid