Jahon | 20:35 / 28.04.2018
9719
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda saqlanib qolgan eng qadimgi pechene sotuvga qo‘yildi 

Foto: AFP

1805 yildagi Trafalgar jangi vaqtidagi pechene Londondagi Dix Noonan Webb auksionida 2,6 ming funt sterling (3,6 ming dollar) narx bilan sotuvga qo‘yildi. 

Auktsion uy vakili Oliver Pepisning aytishicha, u hech qachon bunday narsa ko‘rmagan. Dunyoda saqlanib qolgan eng qadimgi pechene Defence kemasining 1-sinfdagi matrosi Tomas Fletcherga tegishli bo‘lgan. U qaqshatqich dengiz jangidan keyin pecheneni o‘zi bilan uyga olib borishga muvaffaq bo‘lgan. 

Shundan keyin pechene Fletcherlar oilasida saqlanib kelgan va bu oila vakillari uni 2005 yilda Sotheby's auksionida savdoga qo‘yishgan. Pishiriq noma'lum bo‘lib qolishni istagan bir kolleksioner tomonidan sotib olingan.

Avvalgi savdodan beri an'anaviy retsept bo‘yicha un, tuz va suvdan tayyorlangan pechenening narxi ancha oshgan. Pepisning fikricha, snekning narxi 3 ming funt sterlinggacha (4,1 ming dollar) yetishi mumkin. 

Ma'lum qilinishicha, bunday pechene konservalar paydo bo‘lguncha dengizchilar ratsionining muhim qismi hisoblangan. Konservalangan go‘sht esa flotda 1847 yildan kiritilgan.

1805 yilning oktabrida Atlantika okeanida, Trafalgar buruni oldida yuz bergan jangda inglizlar fransuz-ispan eskadrasini tor-mor keltirganlar. Jang vaqtida ingliz flotiga qo‘mondonlik qilgan admiral Goratsio Nelson halok bo‘lgan.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid