O‘zbekiston | 18:52 / 01.05.2018
20833
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston parlamentida birinchi marta «hukumat soati» bo‘lib o‘tdi

Foto: parliament.gov.uz

Joriy yilning 1 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi va «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga muvofiq «hukumat soati» o‘tkazildi. Ta'kidlash joiz, mazkur amaliyot milliy parlament tarixida ilk bor tashkil etildi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi axborot xizmati.

Deputatlarning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvoli yuzasidan olib borgan o‘rganishlari hamda odamlar kelayotgan murojaatlardan kelib chiqib, siyosiy partiyalarning quyi palatadagi fraksiyalari takliflariga ko‘ra “hukumat soati”ga “Respublika aholisini toza ichimlik suvi bilan ta'minlanishida hamda ichimlik suvini tejamkorlik bilan ishlatishda olib borilayotgan ishlar”, shuningdek, “Aholini va tibbiyot muassasalarini arzon va sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta'minlash, ayniqsa, joylarda ijtimoiy dorixonalarni tashkil etish holatlari” to‘g‘risidagi masalalar kiritildi.

Ushbu masalalar yuzasidan deputatlarga axborot va ularning savollariga atroflicha javob berishlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari mutasaddi rahbarlari taklif etildi. 

Tadbir davomida hukumat vakillari deputatlar tomonidan qo‘yilgan masalalar yuzasidan ma'lumot berib, ularning qo‘shimcha ravishda bergan savollariga batafsil javob qaytardilar.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 12 iyulda “Hukumat soati” institutini joriy etish haqida o‘z tavsiyalarini bergan edi, – deydi ekspert Ixtiyor Bekov. – Qonunchilik palatasida “Hukumat soati”ning o‘tkazilishi Harakatlar strategiyasida belgilangan jamiyatda parlamentning rolini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amaldagi ifodasi hisoblanadi. O‘tkazilgan tadbirning ahamiyatidan kelib chiqib, uning samarali o‘tganini ta'kidlash lozim. Mazkur institut birinchidan hukumatning parlament bilan munosabatlardagi mas'uliyatini oshirsa, ikkinchidan joylarda to‘planib qolgan, aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etishga xizmat qiladi.  

Tadbir so‘ngida Qonunchilik palatasi qo‘mitalariga ushbu sohalardagi amaldagi qonun hujjatlarini va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish tavsiya etildi, shu bilan birga mazkur yo‘nalishdagi ishlar yuzasidan samarali parlament nazoratini ta'minlashga kelishib olindi.   

Mavzuga oid