O‘zbekiston | 19:20 / 13.05.2018
34737
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyevga «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni berish haqidagi murojaat paydo bo‘ldi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Jamoaviy murojaatlar portali — Meningfikrim.uz’da Ibrohim Norov muallifligida «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni oliy darajadagi mukofot «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlash haqida»gi taklif paydo bo‘ldi.

«Hurmatli senatorlar va deputatlar! O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytidagi «Mukofotlar» rukniga kirilganida, Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev davlat va boshqaruv organlaridagi ko‘p yillik samarali mehnati, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini yuksaltirish ishiga ulkan hissa qo‘shgani uchun «Mehnat shuhrati» va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlanganligini ko‘rishimiz mumkin. Lekin bizning fikrimizcha, ushbu insonning qilgan barcha harakatlariga davlatimiz tomonidan hali yetarlicha baho berilmagan va hozircha munosib ravishda taqdirlanmagan. Bizning hayotimizga yorqin nur olib kirgan, xonadonlarimizda xursandchilikni ko‘paytirgan, qo‘shni xalqlar bilan munosabatlarni yuqori pog‘onalarga ko‘targan, qishloqlarimiz va shaharlarimizni go‘zal qilib berayotgan Yurtboshimizni Allohning o‘zi asrasin. Xalqimiz ardog‘idagi Prezidentimiz munosib ravishda taqdirlanishi kerak», deyiladi murojaatda.

Murojaat ostida fikr bildirganlarning barchasi Shavkat Mirziyoyev ushbu oliy mukofotga loyiq ekanligini ta'kidlashgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov ham hayotligida «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan edi. Ushbu yuksak mukofot bilan taqdirlanganlar orasida Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov ham bor.

Mavzuga oid