Sport | 16:06 / 18.05.2018
14388
12 daqiqa o‘qiladi

Mundialni kutib. Tanishtiruv: Senegal

SeNeGAL
Mustaqilligi: 20 avgust, 1960 yil
Rasmiy tili: fransuz, arab
Boshqaruv shakli: prezident-parlament respublikasi
Aholisi: 135 million (71-o‘rin)
Valyutasi: frank

SeNeGAL TeRMA JAMOASI.
Laqabi – «Taranga sherlari»
Jamoa libosi – yashil (oq)
Konfederatsiya – AFK
Federatsiya – Senegal futbol federatsiyasi
Jahon chempionati – Chorak final (2002)
Afrika kubogi – Vitse chempion (2002)
Terma jamoa tarkibida eng ko‘p ishtirok etgan – Anri Kamara (99)
Eng ko‘p gol kiritgan – Anri Kamara (29)
Ilk o‘yin – 1961 yil. 31 dekabr. Dagomeya - Senegal - 3:2
Eng yirik g‘alaba – 1984 yil. 13 fevral. Senegal – Mavritaniya - 8:0
Eng yirik mag‘lubiyat – 2017 yil. 23 avgust Gvineya - Senegal – 5:0

Osiyo mundiali

Foto: AFP

2002 yil 31 may. Seul. Ilk bor Osiyoda tashkil qilingan jahon chempionatidagi ochilish o‘yinida jahon chempioni Fransiya terma jamoasi tarixida ilk bor mundialda qatnashayotgan Senegalga qarshi maydonga tushdi. U paytlarda turnirni maydon egalari emas, chempionlar ochib berishardi. Buning ustiga, raqib Afrika vakili bo‘lgach, ba'zilar beixtiyor JCh-90dagi Argentina va Kamerun uchrashuvini yodga olgan bo‘dsa ajab emas. Shunday bo‘lsada, ikki yil oldin Yevropada ham tengsizligini isbotlagan Fransiya bu turnirga ham asosiy favorit sifatida kelgan, qandaydir syurpriz umidida televizorni yoqqan muxlis ham bu xayolni miyasidan chiqarib tashlagan bo‘lishi tabiiy.

Lekin o‘yin boshlangach, rostdan ham Senegalni yutish oson emasligi ko‘rina boshladi. Negadir fransuz yulduzlarining o‘yini qovushmas, aynan Fransiya chempionatining quyi ligalari yoki o‘rtamiyona klublari futbolchilaridan tashkil topgan Senegal esa, biror jabhada «akalari»dan qolishmas edi. Diskvalifikatsiya tufayli guruhdagi dastlabki ikki o‘yinda Zidan maydonga tushmasligidan boshida unchalik xavotirda bo‘lmagan muxlislar ham endi til tishlashdi - rostdan ham Zidanning o‘rni bilina boshlagandi.

Xullas, shu turnirdan keyin mashhur bo‘lib, Fransiya chempionatiga yo‘l olgan Pap Buba Diopning yagona goli uchrashuv taqdirini hal qildi. Urugvay va Daniya bilan o‘yinlarda ham g‘alaba qozona olmagan chempionlar esa, musobaqani tark etishdi.

Senegal keyingi o‘yinlarni ancha ishonchli o‘tkazdi. Daniya va Urugvay bilan durang o‘ynadi. Anri Kamara, Diop, Sisse, El Hoji Diuf, Fadiga kabi futbolchilar chinakam kashfiyotga aylanishdi.

Nimchorak finalda Shvetsiya ustidan qozonilgan g‘alaba esa, hozirgacha Afrika mamlakatlari uchun saqlanib kelayotgan eng yaxshi natija – chorak final masalasini hal qildi. Yuqorida eslangan Kamerun ham chorak finalgacha borishgan edi. Senegal qo‘shnilaridan farqli ravishda ilk urinishdayoq bu cho‘qqini zabt etdi.

Bu mundial Senegal uchun rivojlanish uchun dadil qadam sifatida xizmat qilishi kerak edi. Zero JCh-2002 da kashfiyotga aylangan bir qator futbolchilar Yevropaning top chempionatlaridan takliflar oldi. Misol uchun El Hoji Diuf «Liverpul»ga transfer qilingandi. Nafaqat mundial, o‘sha yili Senegal Afrika chempionatida ham juda yaxshi qatnashdi. O‘sha davrlardagi qit'aning eng kuchli jamoasi Kamerun finalda faqat penaltilar seriyasi yordamida «dakarlik sherlar»ni mag‘lub etgandi xolos. Ammo...

Tajribali murabbiy Bruno Metsyu BAAdan taklif oldi va klubda ishlashga qaror qildi. Yangi murabbiy qo‘l ostida Senegal baribir kuchli jamoa bo‘lib qolsa-da, oldinga qadam tashlashga qodir emasdi. JCh-2006 saralashida senegalliklar Togo terma jamoasini oldinga o‘tkazib yuborishdi.

O‘sha yuqorida eslangan mundialdan buyon Senegalni jahon maydonlariga ko‘rganimiz yo‘q. Nihoyat, aynan o‘sha tarkibda maydonga tushgan va hatto sardorlik bog‘ichi bilan sheriklarini oldinga boshlagan futbolchi murabbiyga aylanib, eski davrlarni bugungi yulduzlarga eslatib qo‘ymaguncha, ya'ni 16 yil Senegal haqida hech narsa bilmadik.

Murabbiy: Aliyu Sisse

Foto: diez.hn

Sisse o‘sha mundialda terma jamoaning eng taniqli a'zolaridan biri edi. U «PSJ» tarkibida ham ikki mavsum to‘p surgan, chempionatdan keyin Angliyaga yo‘l olgandi. «Birmingem», «Portsmut», keyinchalik Fransiyaning qo‘yi ligalaridan to‘p surib yurgan Sisse 2011 yildan beri murabbiylik bilan shug‘ullanib kelmoqda.

2012 yilda Senegal Amara Traoreni iste'foga chiqargach, vaqtincha bosh murabbiy vazifasini bajardi, keyin esa, to 2015 yilgacha Alen Jiresga yordamchi bo‘ldi.

2015 yildan bosh murabbiylikka o‘tgan Aliyu jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarishni amalga oshirdi. Natijalarda ham. Ayniqsa, 2017 yilda Senegal tarixida yangi sahifa ochdi deyish mumkin. Shu yili terma jamoa ham jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi, hamda Afrika kubogida chorak finalgacha yetib bordi. Har ikki natija ham oxirgi marta asr boshlarida, o‘sha Aliyu Sissi futbol o‘ynab paytlarida ro‘y bergandi.

Saralash o‘yinlari: JAR bilan pley-off

Foto: Getty Images

Aslida, agar FIFAning o‘z vaqtida aralashuvi bo‘lmaganda, Senegal bu safar ham mundialdan chetda qolishi mumkin edi. Saralash o‘yinlarining so‘nggi bosqichida Senegal Burkina Faso, JAR va Kabo Verde bilan bir guruhda harakat qildi. Guruhdan faqat bir jamoa omon chiqishini hisobga olsak, qiyin guruh.

Senegal ilk o‘yinda g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, asosiy raqib JARga qarshi o‘yin 2-turga to‘g‘ri keldi. Janubliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. Ammo o‘yindan 5 oy o‘tib, 2017 yilning martida FIFA uchrashuv hakami ganalik Josef Lamptini mezbonlarga yon bosib, uchrashuv natijasiga ta'sir qilganlikda aybladi va butun umrga futboldan chetlatdi. O‘yin natijasi esa bekor qilinib, qaytadan o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Keyingi o‘yinlarda Burkina Faso bilan ikki durang va Kabo Verde ustidan ikkinchi g‘alaba Senegalga mundialga chiqish uchun imkoniyat ochdi. Sisse shogirdlarida 8 ochko, JAR hisobida esa, 4 ochko. Oldinda bu ikki terma jamoaning ikki uchrashuvi kutib turardi. Senegal nafaqat JARni o‘ziga yaqinlashtirmaslik, balki Burkina Fasoni oldinga qo‘yib yubormaslik uchun ham bu ikki o‘yinda kamida 2 ochko olishi shart bo‘lib qolgandi.

Senegal ilk o‘yindayoq vazifani hal qildi. JARda qayta tashkil qilingan o‘yinda mehmonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi va ochkolari sonini 11taga yetkazib, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Rasmiyatchilik maqomida o‘tgan ikkinchi o‘yinda ham Senegalning qo‘li baland keldi va «sherlar» saralash bosqichini mag‘lubiyatsiz yakunladi.

Bugungi Senegal

Foto: World Cup

Terma jamoa tarkibi xuddi ba'zi afrikalik jamoalar kabi, go‘yoki bir ikki mashhur nomni bilasiz, lekin yaxshilab e'tibor berganingizda juda tajribali, Yevropada o‘z nomiga ega bo‘lgan bir qator futbolchilar bilan tarkibning juda kuchli ekanini seza boshlaysiz.

«Liverpul»ning almashtirib bo‘lmas futbolchisi, yaqinda Chempionlar Ligasi finalida to‘p suradigan Sadio Maneni taniysiz. Mussa Sou («Bursaspor»), Mame Diuf («Stok Siti»), Keyta Balde («Monako»), Diafra Sako («Renn»), Mbay Nyang («Torino») – bu nomlarni ham eshitgansiz. Bularning hammasi senegallik va hammasi faqat hujum chizig‘ida to‘p suradigan futbolchilar. Bu futbolchilar bilan har qanday murabbiy tajovuzkor va hujumkor futbol taklif etishi mumkin.

Shuningdek, yarim himoya markazida ham APLda toblangan futbolchilar to‘p suradi. Idris Guyye «Everton»ning ishonchli tayanch yarim himoyachilaridan biri, ayniqsa ushbu mavsumda ko‘pgina ko‘rsatkichlar bo‘yicha hatto Ngolo Kanteni orda qoldirib, Angliyaning eng yaxshi futbolchilari qatoriga kirdi. «Vest Hem»dagi Sheyx Kuyateni ham ko‘pchilik juda yaxshi taniydi.

Himoyadagi yetakchi Kalidu Kulibalini esa, mundialda hamma kuzatsa kerak. «Napoli» himoyachisiga Angliyaning deyarli barcha top klublari, qolaversa, «Barselona» ham «og‘iz solgan». «Napoli» futbolchining narxini 100 million yevrodan ortiq deb e'lon qildi. 26 yoshli futbolchining transferi katta ehtimol bilan mana shu yozda amalga oshadi va aniqki, Kulibali Senegal tarixidagi eng qimmat futbolchi sifatida tarixga kiradi. Buning uchun esa, albatta, jahon chempionatini munosib o‘tkazishi kerak.

Yakuniy tarkib:

Kuni kecha, Senegal rasman Rossiyaga boradigan futbolchilar ruyxatini e'lon qildi. Tanishing:    

Darvozabonlar: Abdulayye Diallo («Renn»), Xadim N'Diayye («Xoroyya»), Alfred Gomis (SPAL); 
Himoyachilar: Kalidu Kulibali («Napoli»), Kara Mbodj («Anderlext»), Lamin Gassama («Alanyaspor»), Mussa Vage («Eypen»), Yussuf Sabali («Bordo»), Saliu Siss («Anjye»), Salif Sane («Hannover»); 
Yarim himoyachilar: Papa Aliune N'Diayye («Stok Siti»), Sheyx N'Doyye («Birmingem»), Sheyku Kuyyate («Vest Xem»), Alfred N'Diayye («Vilyarreal»), Idrissa Geyye («Everton»); 
Hujumchilar: Mame Biram Diuf («Stok Siti»), Diafra Saxo, Ismaila Sarr (oba – «Renn»), Mussa Konate («Amen»), Balde Keyta («Monako»), Mussa Sou («Bursaspor»), Sadio Mane («Liverpul»), M'Bayye Nyang («Torino»). 

Zaxira: Adama Mbenge («Kan»), Fallu Dian («Metts»), Famara Dedu («Bristol Siti»), Anri Seve («Sivasspor»).

JCh-2018
Jahon chempionatida Senegalga o‘tsa bo‘ladigan raqiblar tushdi. Albatta, guruhdagi boshqa jamoalarga nisbatan ham xuddi shu iborani ishlatish mumkin.

Senegal ilk o‘yinini Yevropa vakili Polshaga qarshi 19 iyun kuni Moskvada o‘tkazadi. 24 iyun kuni Yekaterinburgda Yaponiya bilan, 28 iyunda esa, oxirgi uchrashuv Kolumbiya bilan o‘tadi. Bu o‘yin «Volgograd Arena»da o‘tishi ko‘zda tutilgan.

Kolumbiya, Yaponiya, Polsha – bu jamoalarning barchasini Senegal 1:0 hisobida yutishi, yoki hamma o‘yinni 0:1 hisobida yutqazishi ham mumkin. Faqat futbol yulduzlari yoki favoritlar emas, keskin kurashni yoqtiradigan muxlislar uchun qiziqarli to‘rtlik. Oldindan aytish mumkinki, senegallik futbolchilar kurashishga o‘rganib qolishgan.

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid