O‘zbekiston | 16:29 / 18.05.2018
17422
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «Shaxsiy ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonun ishlab chiqildi

Foto: iStock

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi «Shaxsiy ma'lumotlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida e'lon qilindi.

Hujjatda «shaxsiy ma'lumotlar», «shaxsiy ma'lumotlar bazasi operatori» tushunchalari, shuningdek, shaxsiy ma'lumotlarni to‘plash, saqlash, qayta ishlash, yo‘q qilish ta'riflari keltirilgan.

Shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:

shaxsiy hayot, shaxsiy va oilaviy sirlar daxlsizligiga bo‘lgan huquqlarni amalga oshirish;
ularning yaxlitligi va xavfsizligini ta'minlash;
ularning maxfiyligiga rioya etish;
ularni taqdim etishga bo‘lgan huquqni amalga oshirish;
ularning noqonuniy ravishda qayta ishlanishining oldini olish.

Shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlashda insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi kerak. Qonun bilan axborotni yolg‘on yoki noqonuniy tarzda to‘plash taqiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasi shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlash va himoya qilish sohasida davlat tomonidan tartibga solishni amalga oshiradi. Ularni muhofaza qilish davlat tomonidan kafolatlanadi, maxfiylik esa ma'lumotlar bazasiga qo‘shilgan sanadan boshlab 100 yil mobaynida ta'minlanadi.

Shaxsiy ma'lumotlardan faqatgina oldindan ularni to‘plash maqsadi bildirilgan holda qo‘llash mumkin, bunda ularning himoyasi zarur darajasida ta'minlangan bo‘lishi kerak. Hujjatga ko‘ra, ma'lumotni qayta ishlash maqsadi o‘zgarayotgan bo‘lsa, shaxsiy ma'lumotidan foydalaniladigan shaxslar bunga rozi bo‘lishi kerak.

Shaxsning roziligisiz uning shaxsiy ma'lumotlaridan foydalanish taqiqlanadi. Istisno hollari - jinoiy ish doirasida, jinoiy faoliyatdan tushgan mablag‘larni legallashtirishga qarshi kurashda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ma'lumot qayta ishlanishi, shuningdek, ma'lumotlarga kirish imkoniyati ochiq bo‘lganida.

«Shaxsiy ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan elektron axborot resurslarida shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlash va saqlash xususiyatlari qonunga muvofiq belgilanadi», - deyiladi hujjatda. 

Mavzuga oid