O‘zbekiston | 11:52 / 19.05.2018
9131
8 daqiqa o‘qiladi

Murojaatlar bo‘limida kimlarning ishlashiga ruxsat beriladi?

Foto: Fotolia

Vazirlar Mahkamasining 7.05.2018 yildagi 341-son qarori bilan Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risida namunaviy nizom tasdiqlangan.
 
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning kuzida «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahriri kuchga kirdi. 
 
Norma’ning yozishicha, namunaviy nizomning avvalgi tahriri o‘z kuchini yo‘qotdi. Biroq murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddatlari o‘zgarmay qoldi, shu bois asosiy taomilni takror eslatishga hojat yo‘q. Bunda yangiliklar anchagina, shu sababli eng muhimlari ko‘rib chiqiladi.

1. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaat etish huquqlari kafolatlari to‘g‘risidagi yangi bob kiritildi. Murojaat etish huquqidan foydalanilayotganda jismoniy shaxsning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeiga, shuningdek yuridik shaxslarning mulk shakli, joylashgan yeri (pochta manzili), tashkiliy-huquqiy shakllariga va boshqa holatlariga qarab kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi joriy etildi.
 
Jismoniy shaxsni, uning vakilini, ularning oila a'zolarini, yuridik shaxsni, uning vakilini va yuridik shaxs vakilining oila a'zolarini ular o‘z huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish yoki himoya qilish maqsadida davlat organlariga, tashkilotlarga va ularning mansabdor shaxslariga murojaat etganligi, shuningdek murojaatlarda o‘z fikrini bildirganligi va tanqid qilganligi munosabati bilan ta'qib etish man etiladi
 
2. Alohida bobda murojaatlarni videokonferentsaloqa vositasida qabul qilish nazarda tutilgan. Ular oldindan tasdiqlangan murojaatlarni qabul qilish jadvali orqali beriladi. Buning uchun murojaat etuvchi videokonferentsaloqa o‘rnatilgan tegishli davlat organi, tashkilotiga belgilangan shakldagi talabnoma yo‘llaydi. Ariza elektron shaklda berilishi mumkin. Vakillar orqali berilgan talabnomaga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilingan bo‘lishi kerak.
 
Videokonferentsaloqa orqali kelib tushgan talabnoma kelib tushgan paytidan boshlab 1 ish kunidan kechikmay murojaatlar bilan ishlash bo‘linmasi tomonidan ro‘yxatga olinadi va davlat organi, tashkilotining rahbariga kiritiladi. U talabnomani ko‘rib chiqib, videokonferentsaloqa orqali ko‘rib chiqish yoki ko‘rib chiqishni rad etish haqida qaror qabul qiladi. Qabul qilingan qaror, videokonferentsaloqa orqali murojaatni ko‘rib chiqish vaqti va joyi haqida davlat organi, tashkiloti muallifni ogohlantiradi.  
 
Videokonferentsaloqa orqali kelib tushgan murojaatlar og‘zaki murojaat sifatida umumbelgilangan tartibda qayd etiladi, ro‘yxatga olinadi va ko‘rib chiqiladi.
 
3. Shaxsiy qabullar bilan bir qatorda ommaviy qabullar o‘tkaziladi (fuqarolar bilan tashkilotlar vakillarining ommaviy uchrashuvlarida murojaatlar qabul qilinadi). Ommaviy qabullar vaqtida tushgan va joyida hal etilgan og‘zaki murojaatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilinmaydi. Bunda murojaat qiluvchining familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi to‘g‘risidagi ma'lumotlar, murojaatning qisqacha mazmuni va uni ko‘rib chiqish natijasi ommaviy qabul bayonnomasida ko‘rsatiladi.  

Jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullari, shuningdek ommaviy qabullar, zarur bo‘lgan hollarda, qabul qilish jadvallaridan tashqari o‘tkazilishi mumkin. Ommaviy qabul hovlilarga (kvartiralarga), boshqa joylarga birma-bir kirib chiqish orqali ham o‘tkazilishi mumkin.  
 
Davlat organlari va tashkilotlarida jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish uchun alohida xona ajratiladi. Shaxsiy qabul davomida davlat organi, tashkiloti rahbarining qaroriga ko‘ra va murojaat etuvchiga bu haqda xabar bergan holda maxsus texnika vositalari (audio- va videoyozuv, fotosuratga olish) qo‘llanilishi mumkin.
 
4. Aniq qayd etilishicha, davlat organlari, tashkilotlari va ularning mansabdor shaxslari:

• qonunga xilof harakatlarni (harakatsizlikni) bartaraf etish yuzasidan darhol chora-tadbirlar ko‘rishi, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablar va sharoitlarni o‘z vakolatlari doirasida aniqlashi;
• jismoniy shaxs, uning vakili, ularning oila a'zolari, yuridik shaxs, uning vakili va yuridik shaxs vakilining oila a'zolari ularning murojaatlari sababli ta'qib etilishini bartaraf etishi;
• agar murojaat etuvchiga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishi natijasida moddiy zarar yoki ma'naviy ziyon yetkazilgan bo‘lsa, moddiy zararning o‘rnini qoplash yoki ma'naviy ziyonni kompensatsiya qilish choralarini ko‘rishi shart.

5. Ilgari qonunga xilof qarorlar qabul qilgan davlat organlari, tashkilotlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan murojaatning qanoatlantirilishi murojaat etuvchiga quyidagilarni sud tartibida undirish huquqini beradi: 

• ariza yoki shikoyat berish va ko‘rib chiqish bilan bog‘liq zarar;
• tegishli davlat organlari, tashkilotlari yoki ularning mansabdor shaxslari talabiga ko‘ra murojaatni ko‘rib chiqish uchun joylarga borish munosabati bilan qilingan xarajatlar;
• ana shu vaqt ichida yo‘qotilgan ish haqi.
 
Sud tartibida ma'naviy ziyon ham kompensatsiya qilinishi mumkin. Yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash va ma'naviy ziyonni kompensatsiya qilish aybdor shaxsning o‘zidan regress tartibida undirib olinishi mumkin.
 
6. Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha bo‘linmaning xodimlariga quyidagi talablar qo‘yilgan:

• o‘rta maxsus yoki oliy ma'lumotga ega bo‘lish;
• kamida 3 yillik ish staji bo‘lishi;
• ularning xodimi bo‘lgan davlat organi, tashkiloti bo‘linmalarining faoliyati, funksiyalariga oid majburiyatlari to‘g‘risida xabardor bo‘lish;
• yuksak ma'naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lish;
• kirishimlilik;
• zamonaviy AKTni qo‘llashni bilish.
 
Ushbu xodimlar iltifotli, qat'iyatli, e'tiborli bo‘lishi kerak, murojaat qiluvchilarga nisbatan xushmuomala, vazmin va e'tiborli, shaxsning sha'nini kamsitmasligi, unga nisbatan mehribon bo‘lishi shart.
 
Ular o‘z xizmat vazifalarini bajarish vaqtida tashqi ko‘rinishi bo‘yicha davlat organi, tashkilotiga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishga ko‘maklashishi, umumiy qabul qilingan ish tartibiga rioya etishi, vazmin va intizomli bo‘lishi kerak.
 
Murojaatlar bilan ish olib boruvchi xodimlarning 3 yilda kamida 1 marta o‘qishi va malaka oshirishi tashkillashtiriladi.
 
Hujjat 14.05.2018 yildan kuchga kirdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid