Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chilangarlikdan hokimlikka qadar bosilgan mashaqqatli yo‘l
Jurnalistika ham ajoyib kasb: turli vaziyatda, turli kishilar bilan har xil mavzularda suhbatlashib, shularni oqqa ko‘chiraveradi. Shunday qiziq kunlarning birida "Hokim bilan bir kun" loyihasi doirasida Toshkent shahridagi Bektemir tumani hokimi Shopo‘lat Asqarov bilan kun davomida birga yurib, hokimning bir kunini kuzatishga muvaffaq bo‘ldim. Bahonada hokimning ayrim xislatlarini o‘zim uchun kashf etdim. Demak, bu maqola o‘sha kunni eslab, izoh va shaxsiy mulohazalarim bilan taqdim etiladi.

Shopo‘lat aka ishni barvaqt boshlarkan, ochig‘i men soat 7.00da u kishi bilan ko‘chada uchrashib olaman, deb xomtama bo‘libman. Shu kuni erta tongdan yomg‘ir sevalab turdi, shanba kuni bo‘lgani uchun hokim ham o‘zi uchun qulay kiyimda. Ish kuni hokim o‘rinbosarlari bilan "5 daqiqalik" majlis qilishdan boshlandi. Kun davomida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar taqsimoti, vazifalar belgilab olindi. Bu xuddi maydonga tushishga tayyorlanib turgan amerikacha futbol o‘yinchilarining rejasiga o‘xshardi.
Shopo‘lat Asqarovning aytishicha, u odatda kunni Bektemir tumanidagi shohko‘chalarni aylanishdan boshlaydi. Hokim o‘ziga ajratilgan mashinada aylanib, tumandagi obodonlashtirish ishlari, noqonuniy qurilish va tashkiliy masalalarni tanqidiy ko‘rib chiqishga imkon topadi.

"Bugun - yomg‘ir. Ichki yo‘llarning ahvolini sinab olish uchun ayni muddao", deydi u.
Yo‘l-yo‘lakay "Qo‘yliq ulgurji bozori"ga bir kirib o‘tdik. Hokimning ta'kidlashicha, aynan Qo‘yliqdagi narxlar butun shahardagi savdo rastalariga ta'sir qiladi. Negaki, Qo‘yliq bozori shahardagi boshqa savdo markazlari uchun asosiy donor hisoblanadi.

"Narxlarni ma'muriy buyruqbozlik bilan jilovlab bo‘lmaydi. Aksincha, yetishmayotgan mahsulotlarning narxi sun'iy ko‘tarilib ketmasligi uchun maxsus chora-tadbirlar o‘ylab qo‘yamiz", deydi rasta oralab narxlarni o‘rganib ketayotgan hokim.
Tuman hokimi o‘tirgan mashinaning ketidan obodonlashtirishga mas'ul xodim ham izma-iz yuribdi. Goh-gohida Shopo‘lat aka unga topshiriq beradi: "Ko‘chani ko‘rding-a?! Suv to‘planib qolibdi".
Ochig‘i, hokimlar ayni zamonda qurilish ishlarining ham bilag‘oniga aylanibdi. Biz zamonaviy tipda barpo etilayotgan mahalla guzarlarining bir nechtasiga bordik. Ko‘zga tashlangan jihati, hokim ishlarni shunchalar durust tashkil etganki, bundan na mahalliy aholi, na qurilishga homiylik qilayotgan tadbirkor xafa.
Ishlarni jonlantirib turish uchun, shanba kuni bo‘lishiga qaramay ishlayotgan tuman Xalq qabulxonasiga tashrif buyurdik. U yerda dadasi bilan ishga kelgan Mubina surat chizib o‘tirgandi. Qolganlar xalqni tinglayapti, qo‘ldan kelgancha muammolar yechimini topishi uchun harakat bor.


Hokim shu kuni o‘zi rahbarlik qiladigan 1-sektorga bordi, aholi murojaatlarini eshitib, joyida hal qilish bo‘yicha harakatlar kuzatuvchini quvontirib turibdi. Tumanda yirik bolalar maydonchasi, aholi dam olish maskani qurilmoqda. Bunga ham bordik. Orada ijtimoiy yordam so‘ragan, uyga muhtoj oilaning murojaati asosida ta'mirlanayotgan xonadonga kirdik, hokim ustalarga ko‘rsatma berdi.
"Bu xonadon, nasib qilsa, tumanimizda bir uysiz oilaga boshpana bo‘ladi. Shunga harakat qilyapmiz", deydi mamnun ohangda u.
Tushlikka qadar, tumanga 2 million dollardan ortiq investitsiya olib kirishni mo‘ljallab qo‘ygan sarmoyador bilan muzokaralar bo‘ldi.
"Garchi tumanda yirik ishlab chiqarish zavodlari, korxona va kompaniyalar soni ko‘p bo‘lsa-da, ulardan tushgan soliq va boshqa daromadlar tuman tasarrufiga o‘tmaydi. Shuning uchun, ko‘proq tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlab, shu yerda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish haqida o‘ylayman", deydi hokim tumanda tibbiy shprits ishlab chiqarish zavodi qurishni taklif qilgan ishbilarmonni kuzatib.
"Men doim nonushta qilaman, chunki tushlikni qachon qilishimni bilmayman. Kutilmagan, qoldirib bo‘lmas ishlar chiqib qolishi mumkin. Ammo ertalabki taomni oilam bilan bir dasturxonda qilolmayman, men ishga chiqib ketayotganda, ular uyquda bo‘ladi", deydi Shopo‘lat aka.
Tuman hokimi, rosti, unaqa dabdabaga berilmay tushlik qiladi. Soat millari 14.00dan og‘ib qolgach, birga tushlik qildik. Yana zamonaviy mahalla guzarlari qurilishi, xalq murojaati...


Kun botishga yaqin hokim o‘rinbosarlari birin-ketin telefon orqali qo‘ng‘iroq qilishni boshlashdi. Kun boshida aytilgan vazifalar yuzasidan axborotlar bildirildi. Keyin barcha hokimlik mutasaddilari bir bo‘lib, "Obod mahalla" dasturiga kiritilgan hududlar bo‘yicha ish olib borishdi.
Men chin ko‘ngildan hokimning ishlariga omad tilab, uyga ming xil xayol bilan qadam bosdim. Hokim so‘zi ham eskiribdi, endi ular supervayzer, menejyer. Shopo‘lat Asqarov bilan o‘tkazgan bir kunimdan so‘ng, ertasiga ancha charchab, to‘yib uxladim. Uyg‘onib, soatga qaradim: 8:55. Ha, Shopo‘lat aka hoynahoy Qo‘yliqqa yetib borgan bo‘lsa ajab emas.
YouTube
Tas-IX
Mavzuga oid
18:59 / 09.05.2026
Toshkentda o‘yinchoq mashinada avtomobil yo‘lida harakatlangan bolaning otasi javobgarlikka tortildi
12:52 / 02.03.2026
Bektemir tumanida piyoda ishtirokida YTH sodir bo‘ldi
13:01 / 03.02.2026
Bektemirdagi «Suvmash» hududida qora tutun chiqishi bo‘yicha tezkor chora ko‘rildi
13:16 / 22.01.2026