Jamiyat | 16:58 / 21.05.2018
20439
2 daqiqa o‘qiladi

Nikoh shartnomasi nima degani?

Oila kodeksiga muvofiq er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va (yoki) ajrashgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi notarial tasdiqlangan kelishuvi nikoh shartnomasi deb hisoblanadi. Uning amal qilishi faqat nikoh FHDYo organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin boshlanadi. Bu haqda “Huquqiy axborot” telegram-kanalida xabar qilingandi.

Nikoh shartnomasi nikoh rasmiylashtirilgunga qadar ham, nikoh davrida ham tuzilishi mumkin.

Nikoh shartnomasida barcha mol-mulkka, uning ayrim turlariga yoxud er va xotinning o‘z mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini o‘rnatish mumkin. Ya'ni ular nikoh davrida qo‘lga kiritgan mol-mulklar teng ikki qismga bo‘linmaydi. Er va xotinning har biriga mol-mulkning shartnoma bilan belgilangan qismigina tegishli bo‘ladi.

Masalan, nikoh shartnomasi tuzilmagan holatda er-xotin birgalikdagi pulga kvartira sotib olgan bo‘lishsa, ajrashishda kvartira teng ikkiga bo‘linadi. 

Agar nikoh shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, ajrashish va birgalikda yig‘ilgan mol-mulkni bo‘lishda sudya uning qoidalariga tayanadi. Shartnomada er-xotinning kelishuviga qarab kvartira ajrashilgandan keyin er yoki xotinning mulkiga o‘tadi yoki umuman sotilishi kerak deb qayd etilishi mumkin.

Nikoh shartnomasi mavjud yoki bo‘lg‘usi mol-mulkka nisbatan ham, tuzilishi mumkin. Nikoh shartnomasining predmeti ko‘chmas mulk, mashinalar, pul mablag‘lari va boshqa mol-mulk bo‘lishi mumkin.

Nikoh shartnomasida turli maishiy shartlar (oilada er yoki xotin bajarishi lozim bo‘lgan yumushlar), boshqa shaxsiy majburiyatlar (masalan aliment), nazarda tutilishi mumkin emas.

Mavzuga oid