Mudofaa vazirligi kursantlari xalqaro maydonda yana o‘zlarini namoyon etishdi
15-19 may kunlari Rossiya Federatsiyasining Moskva oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida bo‘lib o‘tgan MDHga a'zo davlatlar mudofaa vazirliklarining kursantlari o‘rtasida “Harbiy-kasbiy tayyorgarlik” bo‘yicha IV Xalqaro olimpiadaning navbatdagi bahslari bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi kursantlari birinchi marta ishtirok etishiga qaramay faxrli ikkinchi o‘ringa egalik qilishdi. Bu haqda Kun.uz’ga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti taktika kafedrasi boshlig‘i podpolkovnik G‘ani To‘rayev va bilim yurtining otish tayyorgarligi kafedrasi katta o‘qituvchisi podpolkovnik Mirzohid Hasanov boshchiligida kursantlar Abdullajon Nabiyev, Sulaymon Sulaymonov, Asqar Ro‘zimurodov, Sadriddin Mamarasulov, Mustafo Tilavov va Zuhriddin Mahmadoliyev MDHga a'zo mamlakatlarning oliy harbiy ta'lim muassasalaridan ishtirok etgan 300 nafardan ziyod eng sara kursantlari o‘rtasida taktik va taktik maxsus, otish, harbiy-sport tayyorgarliklari hamda ijtimoiy missiya kabi shartlarida bellashdi.
Olimpiadaning ushbu yo‘nalishida to‘rtta shartdan o‘zbekistonlik kursantlar uchtasida ikkinchi va bittasida to‘rtinchi o‘rinni egallab, umumjamoa hisobida Moskva oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtidan keyingi pog‘onani zabt etishdi. Uchinchi o‘rin Qozog‘iston Respublikasi Quruqlikdagi qo‘shinlar harbiy instituti jamoasiga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar kubok, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston sharafini xalqaro musobaqada munosib himoya qilgan harbiy xizmatchilar Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida munosib kutib olindi.
MDHga a'zo mamlakatlarning oliy harbiy ta'lim muassasalari kursantlari o‘rtasidagi IV Xalqaro olimpiadada ilk bor ishtirok etgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi vakillari 5 yo‘nalishi bo‘yicha bittadan ikkinchi va to‘rtinchi, uchtasida esa uchinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Mavzuga oid
17:54 / 31.08.2024
Markaziy harbiy okrugda zirhli va maxsus harbiy texnikalarni ta’mirlash yo‘lga qo‘yildi
21:42 / 20.08.2024
Rossiya Mudofaa vazirligi «Belgorod», «Bryansk» va «Kursk» qo‘shin guruhlarini tashkil etdi
14:19 / 04.06.2024
O‘zbekistonlik merganlar Turkiyadagi xalqaro musobaqada birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi
17:25 / 28.05.2024