O‘zbekiston | 19:16 / 23.05.2018
58891
3 daqiqa o‘qiladi

Hukumat qarori: O‘zbekistonda “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o‘tkaziladi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan 2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasi; 2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash konsepsiyasini 2018-2019 yillarda amalga oshirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi" tasdiqlandi. 

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati huzurida Jamoatchilik kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi. Quyidagilar Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari etib belgilandi:

yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish va ushbu sohada xavfsizlikni ta'minlash masalalari bo‘yicha jamoatchilik fikrini tizimli asosda o‘rganish;

Kontseptsiyaning yo‘l xaritasida nazarda tutilgan tadbirlar amalga oshirilishining borishi va natijalari monitoringini olib borish;

yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatining qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan takliflarni tayyorlash va kiritish.

Shunday tartib amaliyotga joriy etiladiki, unga muvofiq:

har haftada juma kuni “Yo‘l harakati xavfsizligi kuni” o‘tkaziladi, uning doirasida barcha vazirliklar va idoralar hamda boshqa tashkilotlar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga so‘zsiz rioya qilishni ta'minlash va yo‘l-transport hodisalari profilaktikasini ta'minlash bo‘yicha faol chora-tadbirlar ko‘riladi;

yo‘llarda xavfsizlik muammosiga jamoatchilik e'tiborini jalb etishga, avtotransport vositalarisiz harakatlanish mumkinligi va zarurligini namoyish qilishga, uning barcha qatnashchilari tomonidan yo‘l harakati qoidalariga rioya etishga ommaviy chaqirishga yo‘naltirilgan “Avtomobilsiz kun” oylik aksiyasi muntazam asosda respublikaning barcha hududlarida tashkil etiladi.

Belgilanishicha: 

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda faoliyat ko‘rsatayotgan yo‘l-patrul xizmatining statsionar postlari va patrul post xizmati postlari faoliyati ustidan doimiy monitoring olib boradi va nazorat qiladi;

tugatilayotgan yo‘l-patrul xizmatining statsionar postlari va patrul post xizmati postlarining binolari va inshootlariga nisbatan "O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida operativ boshqarish huquqi saqlanib qoladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid