O‘zbekiston | 11:59 / 24.05.2018
10080
3 daqiqa o‘qiladi

Erkin turistik zonalarga qanday loyihalar kerak?

“Chorvoq” erkin turistik zonasi/Foto: O'zLiDeP

Investitsiya loyihalarini joylashtirish mezonlari va ularning tashabbuskorlari biznes-rejalariga doir talablar tasdiqlandi. Ular Vazirlar Mahkamasining 15.05.2018 yildagi 365-son qarorida ko‘rsatilgan, deb yozmoqda Norma.
 
Erkin turistik zona (ETZ) ishtirokchisiga aylanish va u yerda o‘z loyihasini amalga oshirish uchun 11 ta majburiy mezonga javob berish kerak. Shu o‘rinda talablarning bir qismi ijtimoiy tomonga yo‘naltirilganligini qayd etib o‘tamiz.
 
Masalan, yangi ish o‘rinlari tashkil qilish zarur. Bunda ularning soni ma'muriy kengash tomonidan belgilanadi, 10%i – Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi ro‘yxatlari bo‘yicha ehtiyojmandlar uchun kvota. Tashkil etiladigan tashkilot xodimlari shtatining kamida 95%i O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishi kerak, ularga stajirovka o‘tash hamda malaka oshirish imkoniyati yaratiladi.
 
Shuningdek loyiha tashabbuskori o‘z biznes-loyihasi mazmuniga e'tibor qaratishi zarur. Direktsiyaga faqat qayd etilgan talablarga javob beradiganini taqdim etishi lozim.
 
ETZda loyihani joylashtirish masalasini hal etish paytida, yuqorida sanab o‘tilganlardan tashqari, quyidagilar ahamiyatga ega:

• investitsiyalarni muassislarning o‘z mablag‘lari va ular tomonidan O‘zbekistonning davlat kafolati taqdim etilmasdan jalb qilingan kreditlar hisobidan amalga oshirish;
• investorning moliyaviy layoqatliligi, texnik va texnologik bazaning mavjudligi;
• investitsiya loyihasi amalga oshirilishining maqsadga muvofiqligi (investitsiya loyihasini qulay joylashtirish, tashkil etiladigan ish o‘rinlari soni, hudud va umuman, sohadagi infratuzilma o‘zgarishlariga ta'sir ko‘rsatish, ishlab turgan quvvatlardan foydalanish, zarur infratuzilmaning mavjudligi);
• investitsiya loyihasida xalqaro standartlarga mos bo‘lgan menejment tizimining mavjudligi;
• asbob-uskunalar va texnologik liniyalar ro‘yxati ko‘rsatilgan holda, energiya tejaydigan zamonaviy tizimlar va texnologiyalar mavjudligi haqidagi ma'lumotlar.
 
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish nazarda tutilgan, jahondagi yetakchi mehmonxona tarmoqlari va umumiy ovqatlanish tarmoqlari brendlarining mezonlariga mos bo‘lgan, shuningdek xodim sifatida yurtdoshlarimizni jalb etishni ko‘zda tutadigan loyihalarga ustunlik beriladi.
 
ETZ ishtirokchilari bo‘lgan tadbirkorlik sub'yektlari erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uchun nazarda tutilgan barcha imtiyoz va preferensiyalardan foydalanadilar.
 
Hujjat 21.05.2018 yildan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid