Jamiyat | 00:10 / 24.05.2018
12341
5 daqiqa o‘qiladi

Sho‘rchi tumanida gaz ta'minoti yoz mavsumida kamayadi, buning sababi nima?

KUN.UZ sayti fuqarolardan tushgan murojaatlarni o‘rganib, yechimini kutayotgan muammolarni jamoatchilik e'tiboriga havola qilib kelmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidan tushgan murojaatni o‘rganish asnosida tumanning “Tamaddun” mahallasi aholisini boshqa bir ijtimoiy masala qiynab kelayotganini aytishdi. Shu mahallada yashab kelayotgan keksa kishilarning ta'kidlashlaricha, tumanga 2018 yil mart oyining 15-sanasidan beri gaz balonlari yetkazib berilmagan. Biz mahalla raisi Mingpo‘lat Ro‘ziyev bilan birga qariyalar so‘zlariga quloq tutdik.

“Mart oyini o‘rtalaridan beri gaz kelgani yo‘q. Navbatimiz kelishini kutayapmiz. Balonlar almashib ketishi oqibatida eski balonlar ichidagi suyuqliklar to‘kilmasdan gaz olib kelinmoqda. 6 mingga yaqin kishi yashaydi bu mahallada. O‘tin topib, yetkazib bo‘lmayapti. Kichik oilalarga bir balon bir oyga yetishi mumkin, lekin katta oilalarga, bir hovlida 2-3ta oila yashasa, gaz yetmaydi, balon bermaydi. Uyimizdagi kichik balonni esa olmayapti. Ularni standartdan o‘tkazdik, 12 mingga. 

Mana oldimizdagi bog‘chada bir necha kundan beri balon bo‘lmagani sababli o‘choqqa o‘t yoqib bolalarga ovqat tayyorlayapti. Bizni mahalla eng katta bo‘lishi bilan birga, qariyalar, pensionerlar ko‘p mahalla hisoblanadi. Qolaversa, mahallada bitta dorixona yo‘q. Ba'zida bizlarga shoshilinch dori-darmon kerak bo‘lib qoladi, shunda juda qiynalamiz”, - deyishdi qariyalar.

Abdusalom Tursunov

Biz gaz ta'minotidagi uzilishlar bo‘yicha izoh so‘rab, Sho‘rchi tumanlararo gaz ta'minoti uchastkasi boshlig‘i v.b. Abdusalom Tursunovga murojaat qildik.

“Bizdagi “Tamaddun” mahallasi gaz balon ta'minoti bo‘yicha 120 foiz ta'minlangan desam, xato qilmayman. Nega, deganda, bir xonadonda 10 kishidan ortiq odam bo‘lgan oilalarni ham xatlov qilib, balon berganmiz. Qish mavsumiga kiritilgan 5 oy mobaynida, haqiqatdan ham bir oyda bir marta gaz balon to‘ldirib tarqatganmiz.

Ammo, yoz mavsumiga kelganda, gazni saqlash biroz qiyin bo‘lgani sababli limit, aytaylik 600 dan 400-450 ga tushadi. Shuning evaziga aholini tabiiy gaz bilan ta'minlashda uzilishlar bo‘ladi. Bizning boshqa bir muammomiz, 2ta “Isuzu” mashinasiga ehtiyojimiz bor. Prezidentning Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida bu narsa aytilgan. Shu yilning avgust oyigacha transport vositasi bilan ta'minlab berishadi. Shundan keyin balonlarni aholiga yetkazib berishda muammo bo‘lmasligi kerak. Lekin GMPda gaz limiti tugab qolishi natijasida ishchilarimiz ham vaqtincha ishsiz qoladi. Masalan, aprelning 28ida gaz tugagan bo‘lsa, 5 mayda gaz chiqa boshladi, - dedi A.Tursunov. 

Umuman, uning so‘zlariga ko‘ra, Sho‘rchi tumani miqyosida 95 foiz aholi gaz balonlari bilan ta'minlangan, 5 foiz aholiga gaz balonlari yetkazib berilishi lozim. Tashkilot 4700ta balonga buyurtma bergan bo‘lib, shundan 2 mingtasi olingan. Tumandagi 45ta mahalladan 20tasi to‘liq aylanma tizimga o‘tkazilgan.

Shu bilan birga, aholining gaz balonlari ichidagi suyuqlik to‘kilmasdan to‘ldirilayotgani xususidagi gap-so‘zlari ham o‘z tasdig‘ini topmadi. A.Tursunovning aytishicha, bo‘shagan gaz balonlari olib kelinganidan so‘ng, GMPda ichidagi suyuqlik to‘kiladi, so‘ngra gaz to‘ldirilib, tarozida tortilgach, aholiga yetkazib beriladi. Gaz balonlari GMPda to‘ldirilayotganda tumanlararo gaz ta'minoti uchastkasi xodimi ham jarayonni bevosita nazorat qiladi. 

Ta'kidlash joiz, KUN.UZ’ga kelayotgan ayrim murojaatlarning mazmunidan shuni xulosa qilish mumkinki, joylardagi aholining aksariyati gaz ta'minoti bo‘yicha davlat siyosatidan bexabar. Ya'ni, O‘zbekiston ham xalqaro andozalarga muvofiq ravishda, gaz quvurlari emas, balki gaz balonlari orqali tabiiy gaz bilan ta'minlash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishni rejalashtirgan. 

Bu xususda, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017 yil boshida Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida “buni ochiq-oydin xalqqa tushuntirish kerak. Quvur bilan gaz keladigan joylarni, gaz balonlarida yetkazib beriladigan joylarni aniq aytish kerak”, - degan edi. Nazarimizda, viloyat va tumanlardagi tabiiy gaz ta'minotiga mas'ul mutasaddi tashkilotlar bu borada keng qamrovli tushuntirish ishlarini olib borsalar, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid