O‘zbekiston | 02:53 / 25.05.2018
17546
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yirik kitob bayrami start oldi (foto)

O‘zbekistonda kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida katta ishlar boshlab yuborilgan. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qarori muhim dastur vazifasini o‘tamoqda.

24 may kuni Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyat  markazlarida O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan tashkillashtirilgan “Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish – buyuk maqsadlarimizga erishishning muhim kafolatidir” shiori ostida ikki kunlik yirik kitob bayrami start oldi. Jumladan, Toshkent shahridagi kitobxonlik tadbirlari “Saylgoh” ko‘chasida  tashkil etildi. 

Bayramga Xudoyberdi To‘xtaboyev, Anvar Obidjon, Ibrohim G‘ofurov, Mahmud Toir, Iqbol Mirzo, Sirojiddin Sayyid kabi taniqli shoir va yozuvchilar, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari hamda mehmonlar ishtirokidagi mushoiralar, adabiy uchrashuvlar qizg‘in kayfiyat ulashdi.

Unda shuningdek, O‘zbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning «Do‘xtir-tabib», O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning «Tagob qishloq ertaklari» va O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toirning «Yangi she'rlar» va «Yevropaga sayohat» kitoblarining taqdimot marosimlari o‘tkazildi.

Kitobxonlik tadbiri davomida mehmonlar uchun ko‘rgazmalarda bevosita ishtirok etish, kitob mahsulotlarini xarid qilish imkoniyati yaratildi.

Eslatib o‘tamiz, kitob bayramlari 25 may kuni ham davom etadi.

Mavzuga oid