O‘zbekiston | 17:12
927
7 daqiqa o‘qiladi

“Toshkentni dunyodagi eng qulay shaharlardan biriga aylantiramiz” – hokim Shavkat Umrzoqov bilan suhbat

Kun.uz muxbiri Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqovning joylarga tashrifida hamrohlik qilib, poytaxtdagi drenaj tizimi, ekologiya, jamoat transporti, kommunal infratuzilma va aholi oldidagi mas’uliyati haqida so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi qilinayotgan ishlar bilan Toshkent kelgusi 5 yil ichida yashash uchun eng qulay dunyo shaharlari ro‘yxatiga kirishi kerak.

“Eng qo‘rqadiganim – fuqarolar savoliga javobim bo‘lmasligi”

Shavkat Umrzoqovning aytishicha, aholi bilan uchrashuvlar oldidan uni eng ko‘p bezovta qiladigan narsa – fuqarolar savollariga javob bera olmaslik.

Uning ta’kidlashicha, odamlar ko‘targan muammolardan bexabar bo‘lish yoki ularning yechimi bilan shug‘ullanmaslik rahbar uchun uyat hisoblanadi.

“Qaysidir fuqaro murojaat qilayotgan bo‘lsa-yu, men yoki hokimiyat vakillari bu muammoni bilmasak yoki uning yechimi bilan shug‘ullanmayotgan bo‘lsak, bu biz uchun uyat. Men qo‘rqadigan narsa shu”, – deydi shahar rahbari.

Drenaj tizimi: 400 million dollarlik muammo

Toshkentda kuchli yog‘ingarchiliklardan keyin kuzatilayotgan suv toshqinlari haqida to‘xtalgan hokim 2023 yilda lavozimga kelganidan keyin birinchi navbatda drenaj tizimini o‘rganganini ma’lum qildi.

“2023 yilda ish boshlaganimizdan keyin birinchi navbatda Toshkent shahri drenaj tizimining bosh rejasini ishlab chiqdik. Bugun shaharning bu yo‘nalishda aniq master-plani mavjud. Hisob-kitoblarga ko‘ra, tizimni to‘liq modernizatsiya qilish uchun taxminan 400 million dollar investitsiya talab etiladi.

Muammo faqat mablag‘da emas, boshqaruv tizimida ham. Biz suv oqimlarini oyma-oy, kunma-kun prognoz qilishimiz, ularni qayerda yig‘ish, qayerda zaxiralash va qanday boshqarishni aniq rejalashtirishimiz kerak.

Shu maqsadda 12 ta sun’iy ko‘l barpo etish loyihasini boshlaganmiz. Bu ko‘llar kelajakda yomg‘ir suvlarini yig‘ish, saqlash va texnik maqsadlarda foydalanish imkonini beradi.

Yaqinda Xitoyga tashrifimiz davomida Tyanjin shahridagi suv boshqaruvi tajribasini o‘rgandik va hamkorlik bo‘yicha hujjatlar imzoladik. Shuningdek, Dubay va Singapur tajribasidan ham foydalanmoqchimiz. U yerlarda qayta ishlangan suv daryoga oqizib yuborilmaydi, balki texnik ehtiyojlar: yashil hududlarni sug‘orish, kommunal xizmatlar, avtomobil yuvish shoxobchalari va boshqa maqsadlar uchun ishlatiladi. Bizning maqsad ham shu: qayta ishlangan suvdan samarali foydalanish tizimini yaratish”.

Umrzoqovning qayd etishicha, kelgusida yomg‘ir suvlari to‘liq hisob-kitob asosida boshqariladi, suvni zaxiralash va qayta ishlatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Buni amalga oshirish uchun kamida uch yil talab etiladi.

1000 gektarlik shahar o‘rmoni

Ekologiya masalasiga to‘xtalgan Shavkat Umurzoqov hozircha bu sohada faxrlanadigan natijaga erishilmaganini, ammo katta loyihalar boshlanganini aytdi. Kelasi yil oxirigacha shaharda 300 gektar maydonda park tashkil etish rejalashtirilgan. O‘rta istiqbolda esa Toshkent ichida 1000 gektarlik shahar o‘rmonini shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, shaharda umumiy maydoni 150 gektar bo‘lgan 12 ta sun’iy ko‘l tashkil etish ishlari boshlangan.

“Bekat – savdo nuqtasi emas, jamoat makoni bo‘lishi kerak”

Shahar hokimi o‘zidan avvalgi hokimlar ham avtobus bekatlari bo‘yicha turli qarorlar qabul qilgani va o‘zining qarori bilan bekatlardagi do‘konlar olib tashlanayotganiga izoh berdi.

“Tasavvur qiling, agar men yoki tuman hokimi qaror chiqarib, bekatni do‘kon ko‘rinishiga aylantirsa, jamoatchilik darhol e’tiroz bildiradi. Chunki bekatning ham o‘z standarti, talabi bor. Bugun Toshkentda 2 500 taga yaqin bekat bor, biz ularning sonini 3 500 taga yetkazishni rejalashtiryapmiz. Ammo mavjud bekatlarning mingdan ortig‘i zamonaviy talablarga javob bermaydi.

Men o‘zimdan oldingi rahbarlarni baholamoqchi emasman. O‘sha davrning siyosati va yondashuvi boshqacha bo‘lgan. Bugun esa prezidentimiz oldimizga aniq vazifa qo‘ygan: Toshkentni piyodalar uchun qulay shaharga aylantirish. Shuning uchun jamoat transporti infratuzilmasini ham qayta ko‘rib chiqyapmiz. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, bekatlar do‘konga aylantirilganda avtobuslar uchun muammo paydo bo‘ladi. Avtomobillar bekat oldida to‘xtaydi, avtobus yo‘lagi band bo‘ladi, chiqindilar ko‘payadi, noqulayliklar yuzaga keladi. Ayrim holatlarda hatto bekatlar qulflab qo‘yilgani uchun yo‘lovchilar ko‘chada qolib ketgan holatlar ham bo‘lgan.

Shu sababli yangi bekatlarni xalqaro standartlar asosida quryapmiz. Ular xavfsizlik tugmasi, internet, avtobuslar harakat jadvali va boshqa zamonaviy qulayliklar bilan jihozlanadi. Hatto suv yoki yengil mahsulot xarid qilish uchun vending apparatlari ham o‘rnatiladi. Biroq bunday bekatlarning har biri 10 mingdan 20 ming dollargacha mablag‘ talab qiladi. Shuning uchun loyihani davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etdik. Davlat xarajat qilmaydi, xususiy sherik esa bekatni saqlash va boshqarishni o‘z zimmasiga oladi. U daromadni reklama yoki vending xizmatlari orqali oladi.

Shu bilan birga, bekatlarda do‘kon tashkil etgan tadbirkorlarga boshqa joylar taklif qilinmoqda. Asosiy maqsad – aholi va jamoat transporti uchun qulay muhit yaratish”.

Suhbat davomida Shavkat Umrzoqov “svet”, gaz va suv bo‘yicha shaharda muammolar bo‘lmasligi, Toshkent yashash uchun dunyodagi eng qulay TOP-50 yoki TOP-100 ta shaharlar ro‘yxatiga kirishini maqsad qilgani, jurnalistlar bilan juda kam muloqot qilgani uning xatosi bo‘lgani haqida so‘z yuritdi. To‘liq intervyu bilan video orqali tanishishingiz mumkin.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid