O‘zbekiston | 16:24 / 26.05.2018
24243
4 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolarning 91,9 foizi Shavkat Mirziyoyev faoliyatini yuqori baholamoqda 

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda «Fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi prezidenti to‘g‘risida» mavzusida jamoatchilik fikri so‘rovi o‘tkazildi. 

Jamoatchilik fikri so‘rovi 2018 yil 18 - 21 may kunlari o‘tkazildi. 18 va undan katta yoshdagi respondentlar so‘raldi, ularning 49,3 %i erkaklar va 50,7%i xotin-qizlar.

Jamoatchilik fikri so‘rovlarining ko‘rsatishicha. fuqarolarning mutlaq ko‘pchiligi, ya'ni 91,9%i Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi prezidenti lavozimidagi faoliyatini yuqori baholaydilar. Ushbu ko‘rsatkichlar 2017 yilning oktabridan 2018 yil may oyigacha 2.6%ga o‘sdi. O‘zbekistonliklar siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlar siyosatning asosiy yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlaydilar. Fuqarolarning fikricha, mamlakat prezidentining rahbarligida davlat va jamiyatni har tomonlama va jadal rivojlantirish, fuqarolarning farovonligini oshirish uchun samarali shart-sharoitlar yaratilgan.

Fuqarolarning mutlaq ko‘pchiligi - 92,5%i mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilayotgan siyosat aholining orzu va umidlarini to‘la darajada oqladi, deb hisoblaydi. O‘zbekistonliklarning fikriga ko‘ra, davlat rahbari tomonidan davlat xizmati faoliyatining samaradorligini oshirish, sud hokimiyatining mustaqilligini ta'minlash, milliy xavfsizlik organlari tizimini tubdan isloh qilish, faol tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay huquqiy-tashkiliy shart-sharoitlarni yaratish, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy qilish, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatiga noqonuniy aralashuvlardan himoya qilish va ularning oldini olishning huquqiy kafolatlari va mexanizmlarini yanada takomillashtirish, soliq va bojxona sohalarini, bank-moliya tizimini rivojlantirish, agrar sohani isloh qilish hamda ijtimoiy himoyalash tizimini yanada takomillashtirish va ijtimoiy uy-joy qurilishni kengaytirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar fuqarolarning orzu-umidlariga mos keladi.

So‘rov  natijalari mamlakat prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan tashqi siyosatning mamlakat fuqarolari tomonidan yalpi qo‘llab-quvvatlanishidek shak-shubhasiz  haqiqatni tasdiqladi. So‘rov ishtirokchilarining mutlaq ko‘pchiligi, ya'ni 92,2%ining hisoblashicha, O‘zbekiston keyingi vaqtda jahon hamjamiyatidagi mavqeini sezilarli darajada mustahkamladi. Mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash masalalarini hal qilishda jiddiy natijalarga erishdi, ham yaqin, ham olis xorij mamlakatlari bilan xalqaro iqtisodiy hamkorlikni amalga oshirmoqda, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy sohalarda o‘zaro foydali aloqalarni faol rivojlantirmoqda.

Jamoatchilik fikri so‘rovi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti  Shavkat Mirziyoyevga aholining yuksak ishonchi darajasini va davlat Rahbari «Faol tadbirkorlik. innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni rivojlantirish yili» Davlat dasturi doirasida amalga oshirayotgan siyosatning o‘zbekistonliklar tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganligini namoyish qildi. Olingan so‘rov natijalarining ko‘rsatishicha. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev fuqarolarning orzu-umidlarini oqladi, u xalq o‘rtasida katta obro‘ va ishonchga sazovor, mamlakatning aholi tomonidan mutlaq ko‘llab-quvvatlanayotgan yetakchisi hisoblanadi. 

So‘rovlar monitoringining aniqlanishicha, mamlakat prezidentiga ishonch reytingi 2017 yil oktabr oyidagi 93,1%dan 2018 yil may oyida 94,1%gacha o‘sdi. Aholining turli ijtimoiy tabaqalari vakillari. erkaklar va ayollar, yoshlar, o‘rta va keksa yoshdagi fuqarolar, faoliyatning turli sohalarida band bo‘lgan kishilar mamlakat prezidentiga o‘zlarining to‘la ishonchi haqidagi fikrini bildirdilar va ular shunga ishonadilarki, davlat rahbari tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar mamlakat va jamiyat hayotining turli sohalarini rivojlantirishga va takomillashtirishga yordam beradi. 

Mavzuga oid