Prezidentning ta’kidlashicha, investorlar uchun huquqiy kafolatlarni kuchaytirish maqsadida Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etiladi. Unda Angliya huquqiga asoslangan maxsus huquqiy tartib joriy qilinib, nufuzli xorijiy sudyalar ishtirokida mustaqil Toshkent xalqaro tijorat sudi faoliyat ko‘rsatadi.

Shuningdek, investitsion mediatsiya tizimi rivojlantirilib, O‘zbekiston BMTning Mediatsiya to‘g‘risidagi Singapur konvensiyasiga qo‘shilishni rejalashtirmoqda. Bu investorlarga mamlakatning o‘zida xalqaro huquqiy himoya mexanizmlaridan foydalanish imkonini beradi.

Forumda kapital bozorini rivojlantirish va muqobil moliya vositalarini kengaytirish choralari ham ma’lum qilindi. Jumladan, xalqaro kliring kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlar yaratilishi, suveren islom obligatsiyalari — sukuk dasturining ishga tushirilishi va yirik davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlari davom ettirilishi qayd etildi.

Prezident, shuningdek, yuqori qo‘shilgan qiymatli sanoat loyihalari, «yashil» energetika, data-markazlar va sun’iy intellekt sohalariga investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha yangi imkoniyatlarni taqdim etib, mahalliy va xorijiy investorlarni ushbu loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi.