Jamiyat | 17:42 / 26.05.2018
26030
4 daqiqa o‘qiladi

“Saxovat” guruhi – o‘ksik qalblarga quvonch ulashuvchi yaxshilar jamoasi

Saxovat – birgina shu xislat sabab qanchadan qancha nigohlarning quvonchga to‘lishi, dard bilan kurashgan insonlarning shifo topishi, hayot yo‘llarida yiqilgan ojizlarning oyoqqa turishi kabi ezgu voqealar ko‘z oldimizga keladi. Bu xayrli ishlarning tashabbuskorlari, ijrochilarini barchamiz bilamiz. Ular saxovatpesha, Yaratgan roziligiga astoydil bel bog‘lagan, qalbi toza yurtdoshlarimiz - “Saxovat” guruhining faollari. 

Bugun sizlarga ko‘plab xayrli ishlari bilan xalq tiliga tushgan, qalblardan joy olgan mazkur guruh haqida gapirmoqchimiz. Ular bilan ehtiyojmand oilalarga ro‘zg‘orlari uchun oziq-ovqat mahsulotlari tarqatishayotgan vaqtda uchrashdik. Bu guruhning a'zolari bir-biriga begona bo‘lsa-da, yaxshilik qilish xislati ularni birlashtirib turibdi. Biz guruh sardorlarini suhbatga chorladik.

 - Assalomu alaykum. Kam ta'minlangan, muhtoj oilalarning ro‘zg‘orlariga zarur oziq-ovqat tarqatish faoliyatimizning eng boshidan boshlangan. Boshida 20ta, keyin 50ta, sekin-sekin bu raqamlar oshib, hafta davomida 100tadan tarqatadigan bo‘ldik, - deydi guruh sardorlaridan biri Bahrom Alimov. – Toshkent shahar bo‘yicha shu kungacha 800 ga yaqin xonadonga beg‘araz yordam ko‘rsatildi.

Ro‘yxatlarni, asosan, mahalla raislari, tuman hokimiyatlaridan olingan ma'lumotlardan kelib chiqib shakllantirdik. Ramazon oyi munosabati bilan 600ta kam ta'minlangan oila ro‘zg‘origa zarur mahsulotlar tarqatishni maqsad qilganmiz. O‘tgan hafta Zangiota tumaniga 200tasi tarqatildi. Bu hafta Toshkent tumaniga 200ta, keyingi hafta esa Qibray tumaniga ham 200ta tarqatilishi rejalashtirilgan.

Bahrom Alimovning ta'kidlashicha, tarqatilayotgan mahsulotlar salkam 30 xil assortimentdan iborat. Unda go‘shtdan tortib nongacha, xullas, ro‘zg‘or uchun zarur bo‘ladigan barcha mahsulotlar bor. Tarqatish harakatlari bir hafta oldin boshlanadi. 

- Telegramdagi “Saxovat” nomli guruhimizga bir hafta oldin ma'lum qilamiz, guruhdagi ko‘ngillilar o‘z imkoniyatidan kelib chiqib turli mahsulotlar berishadi. Bir hafta davomida ularni yig‘ib boramiz, - deydi u.

- Bir nogiron qiz yashaydigan uyni ta'mirlab berdik. Bundan tashqari, hozirda ko‘rlar jamiyati yotoqxonasida qayta ta'mirlash ishlari olib borilmoqda,  – deydi guruhning yana bir sardori Nodir Abdullajonov. – Vazirlar Mahkamasi, Toshkent viloyati hamda Zangiota tuman hokimiyati ko‘magida bizga yer ajratib berishdi. Toshkent fuqarosi bo‘lgan, nogiron va uysiz fuqarolarga o‘sha yerdan uy qurib bermoqchimiz. Ular yaxshilab o‘rganib chiqiladi, qarindosh-urug‘laridan tortib boshqasigacha. Ana shundan so‘ng ularga uy qurib beriladi.

Bugun guruh o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan. Bu yo‘lda ko‘plar bir safga jam bo‘lmoqda. Yaratgan egam bu saxovatpesha insonlardan rozi bo‘lsin. Xayrli amallarida o‘zi madadkor bo‘lsin.

Ma'lumot o‘rnida: "Saxovat" guruhiga qo‘shilmoqchi bo‘lganlar uchun guruh sardori Nodir Abdullajonovning telefon raqami: ++998909101110

Mavzuga oid