Jahon | 20:55 / 29.05.2018
13597
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an prezident lavozimiga nomzodni sudga berdi 

Foto: RIA Novosti / Sergey Guneyev

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an asosiy muxolif partiya – Xalq-respublika partiyasidan prezidentlikka nomzod Muharram Injyeni sudga berdi. Bunga esa Injyening Erdo‘g‘an 2001 yilda AQShga muxolifatchi Fathulla Gulen yoniga borgani haqidagi so‘zlari sabab bo‘lgan.

Turkiya hukumati Gulenni 2016 yildagi davlat to‘ntaruviga urinishga aloqadorlikda ayblab keladi. Gulen 1999 yildan beri AQShning Pensilvaniya shtatida yashab keladi.

Injye Balikesirdagi namoyishda Erdo‘g‘anga murojaat qilib, “Sen partiyangni 2001 yilda tashkil etayotganingda Pensilvaniyaga ruxsat uchun borganmiding?”, deb aytgan.

“Gumonlanuvchi tomonidan namoyishda aytilgan gaplar hurmatli prezidentga jiddiy hujum hisoblanadi va haqiqatga mos kelmaydi”, deb aytilgan shikoyat arizasida.

Ta'kidlanishicha, bunday tasdiqlarni so‘z erkinligi tushunchasi doirasida qabul qilib bo‘lmaydi. Erdo‘g‘anning advokati Injyedan 100 ming turk lirasi (21 ming dollar) miqdorida tovon puli talab qilmoqda.

Erdo‘g‘anning o‘zi esa Haberturk telekanalida ushbu vaziyatga izoh berib, “Men Pensilvaniyaga ruxsat olish uchun boradigan pastkash siyosatchi emasman”, deb aytgan.

Mavzuga oid