Jamiyat | 14:52 / 29.05.2018
14019
4 daqiqa o‘qiladi

Xayriya natijasi: Bir necha oy so‘zdan qolgan Feruzaning nutqi tiklana boshlandi

KUN.UZ sayti o‘zbekistonliklardan kelgan murojaatlarni o‘rganish barobarida yordamga va davolanishga muhtoj vatandoshlarga moddiy va ma'naviy ko‘mak berish bo‘yicha ham sa'y-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda. Bu borada turkum xayriya aksiyalari o‘tkazib kelinmoqda. Shunday aksiyalardan biri xorazmlik Feruzaning davolanishi uchun ham tashkil etilgan edi.

Unda Feruzaning og‘ir dardga chalingani, ishemik insultdan so‘ng, traxeyasida chandiq paydo bo‘lgani sababli torakal jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, nafas olishi yengil bo‘lishi uchun traxeostomik trubka o‘rnatilgani xabar qilingan edi. Shu bilan birga, oilasining moddiy ahvoli juda og‘irligi ta'kidlangandi.

Shu kunlarda Feruzaning turmush o‘rtog‘i Mansur akadan xushxabar oldik. Xayriya aksiyasiga ko‘pchilik vatandoshlar “labbay” deb javob berishgan va imkon qadar xayr-ehsonlar qilishgan. O‘zbekiston Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi rahbariyati ham bunday xayrli ishdan chetda qolmaslik, aksincha hissa qo‘shish maqsadida Feruzada o‘tkaziladigan murakkab jarrohlik amaliyotini shu yerda o‘tkazishga qaror qilgan. Ilmiy markaz bu ishga qo‘li yengil va tajribali jarroh Zavqiy Shoumarovni tavsiya qilib, operatsiyani unga ishonib topshirgan.

Bugungi kunda Feruza jarrohlik amaliyotidan keyingi davolash kursini ham bevosita ilmiy markaz rahbariyati tashabbusi bilan shu yerda o‘tkazmoqda. Biz bir necha oy davomida nutqdan qolgan bemor vatandoshimizning xursand bo‘lgan holda ayrim so‘zlarni takrorlayotganiga ham guvoh bo‘ldik. Go‘yo u quloqlariga ishonmayotgandek, “hovva, yaxshi bo‘ladi” so‘zlarini bot-bot takror qilar edi. Ha, insha Alloh, yaxshi bo‘ladi. Umid qilamizki, Bu vatandoshimiz ham dardlaridan forig‘ bo‘lib, butunlay sog‘ayib, oilasi, yaqinlari, farzandi arjumandining bag‘riga qaytadi.

Ta'kidlash o‘rinliki, Feruzaning turmush o‘rtog‘i Mansur aka xursandchiligining ham cheki yo‘q. U Feruzaning davolanishida ozmi-ko‘pmi barcha hissa qo‘shgan vatandoshlaridan minnatdorligini izhor qildi.

Azizlar, bu o‘tkinchi dunyo hayoti yaxshiliklar uzra barpo qilingan, desak adashmaymiz.  Kimdir savobli amallarni qilsa, boshqa birov unga vasila bo‘ladi. Bundan xalq ham, jamiyat ham yutadi. Yagona Xoliq zot esa, insha Alloh, bizlardan rozi bo‘ladi. Duolar ijobat bo‘ladigan, savoblar ko‘paytirib beriladigan fazilatli kunlarda tilagimiz shuki, oramizda xayr-ehson qiluvchilar ko‘payaversin, hech kim dard chekmasin, muhtojlar qolmasin, barchamiz qilgan xayrli amallarimizning savobini u dunyoda to‘la-to‘kis olaylik!

Xayriya qilmoqchi bo‘lganlar uchun:

Artiqova Feruzaning turmush o‘rtog‘i Ro‘zmetov Mansur  (+998 99) 961 16-55

Plastik karta raqami: 8600 0423 5144 7932

(PAYME va Click, Agrobank)

Agrobank ATB Xorazm viloyati boshqarmasi

MFO: 00548 

INN: 200 905 229

Naqd pul topshirganda: 2311 6000 9000 0054 8001

Mijoz arizasiga asosan kartadan kartaga pul o‘tkazilganda: 2311 8000 7000 0054 8001

Boshqa tashkilotlardan kelib tushgan mablag‘lar tranziti: 2312 0000 3000 0054 8001

(Eslatma: naqd pulni bankka topshirish yoki tashkilotlardan pul jo‘natishni istaganlar plastik karta egasi Ro‘zmetov Mansur nomiga yuborishingiz so‘raladi. Artiqova Feruza nomiga jo‘natilgan pullar bank tomonidan qaytarilib yuborilishi mumkin).

Mavzuga oid