O‘zbekiston | 11:56 / 01.06.2018
68664
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev yangi aeroport qurilishini borib ko‘rdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 iyun kuni Qibray tumanidagi aerodromda amalga oshirilayotgan ishlarni borib ko‘rdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bu yerda 2018-2020 yillarda biznes aviatsiyasi uchun zamonaviy aeroport qurilishi belgilangan. Loyihani ikki bosqichda amalga oshirish – birinchi bosqichda 4 kilometrlik uchish-qo‘nish yo‘lagi va soatiga 250 yo‘lovchini o‘tkazish imkoniyatiga ega terminal barpo etish, ikkinchi bosqichda qo‘shimcha infratuzilma obektlari, mehmonxona majmuasi qurish rejalashtirilgan. 

Aeroportda eng katta yuk tashuvchi samolyotlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratiladi. Bu mamlakatimiz transport va tranzit salohiyatini yanada oshirib, tashqi savdo rivojiga katta hissa qo‘shadi. 

Hozirgi kunda bu yerda loyihalashtirish va umumiy qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Eski uchish-qo‘nish yo‘lagi butunlay olib tashlanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur ishlarni ko‘zdan kechirdi. Aeroportda bunyod etiladigan obektlar loyihalarini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Xorijiy delegatsiyalarni kutib olish binosi milliy madaniyatimizni, bag‘rikengligimizni ko‘rsatib tursin. Samolyotdan tushgan odamning kayfiyatini ko‘taradigan, mehmonlarga va ishbilarmonlarga har tomonlama ma'qul keladigan bo‘lsin, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari qurilishda issiq ranglardan ko‘proq foydalanish, aeroport hududini ko‘kalamzorlashtirish, drenaj tizimini oqilona yo‘lga qo‘yish zarurligini ta'kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Mavzuga oid: Toshkent viloyatida yangi aeroport majmuasi qurilmoqda

Mavzuga oid