O‘zbekiston | 12:26 / 01.06.2018
11477
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zavtosanoat» Rossiyada avtomobillar yig‘ish uchun joyni yil oxirigacha aniqlaydi

Foto: uzavtosanoat.uz

«O‘zavtosanoat» 2018 yil oxirigacha Rossiya hududida avtomobillarni ishlab chiqarish maydonchasini aniqlashni rejalashtirmoqda, deya ta'kidladi kompaniya boshqaruvi raisi Umidjon Salimov.

«Ushbu yo‘nalishda Rossiya Federatsiyasi Sanoat vazirligi bilan muzokaralar olib borilmoqda. Biz uchun bu juda qiziq mavzu, sababi hozir Qozog‘iston hududida katta ishlab chiqarishga egamiz», - dedi Salimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yil Moskvada rossiyalik hamkorlar bilan yana bir uchrashuv kutilmoqda, unda tomonlar muzokaralarni davom ettiradilar.

«Hozir biz Rossiya Federatsiyasi hududida bir nechta maydonchani ko‘rib chiqmoqdamiz. Asosiy masala shundaki, biz General Motors tomonidan modellarni muvofiqlashtirib va yakuniy ruxsatnomalarni olish kerak. Ushbu yo‘nalishda muzokaralarni davom ettirmoqdamiz», - deya aniqlik kiritdi Salimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Sankt-Peterburg, Karachayevo-Cherkesiya, Tolyatti va Nijniy Novgorodda avtomobillarni yig‘ish variantlari ko‘rib chiqilmoqda.

«Tolyattidagi AvtoVAZ zavodida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish taklifi mavjud. Biz uchun eng yaxshi variant - Sankt-Peterburg, chunki u GM maydonchasidir, u yerda ishlab chiqarishni tashkil qilish osonroq bo‘ladi. Biz eng yaxshi joyni yil oxirigacha aniqlashni rejalashtirmoqdamiz», - deya ta'kidlab o‘tdi O‘zbekiston avtosanoati rahbari.
 
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Qirg‘izistonda avtomobillar yig‘ishga, Qozog‘istonda ishlab chiqarishni kengaytirishiga tayyorlanayotgani xabar qilingandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid