Jahon | 08:25 / 04.06.2018
2894
2 daqiqa o‘qiladi

Gvatemalada vulqon otilishi sababli 7 kishi halok bo‘ldi

Foto: AP Photo / Luis Soto

Gvatemalada otilishi boshlangan Fuego vulqoni sababli 7 kishi halok bo‘ldi, 296 kishi jabrlandi. Bu haqda Canal Antigua telekanali ma'lum qildi. 

Vulqonning kuli 10 kmlik balandlikka ko‘tarilmoqda. Kul shamol bilan birga soatiga 40 km tezlik bilan tarqalmoqda.

Emisoras Unidos radiostansiyasining ma'lum qilishicha, 3 mingdan ko‘proq odam evakuatsiya qilingan. Falokat mamlakatning 16,6 mlnlik aholisidan 1,7 mlniga ta'sir qilgan.

Ushbu vulqon otilishi oxirgi yildagi eng kuchlilaridan biri deb tan olindi. Vulqon faollashgani sababli poytaxtdagi “Aurora” xalqaro aeroporti yopib qo‘yilgan.

Shuningdek, hukumat bir nechta aholi punktlarida xavflilikning eng yuqori – qizil darajasini kiritgan.  Ma'lum qilinishicha, ushbu tartib Eskintla, Alotenango, Sakatepekes, Yyepokapa va Chimaltenango shaharlarini qamrab oladi. Mamlakatning qolgan qismida zarg‘aldoq rangdagi xavflilik saqlanib qolmoqda.  

Meksika prezidenti Enrike Penya Neto gvatemalaliklarga hamdardlik bildirgan va tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda yordam berishga tayyorligini ma'lum qilgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid