Jahon | 19:12 / 18.10.2025
7951
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda 700 ming yil avval so‘ngan vulqon «uyg‘ondi»

Olimlar avvalroq Teftan vulqonining oxirgi yirik otilishi taxminan 700 ming yil oldin sodir bo‘lganini aytgan edi.

Foto: Tripper92/Shutterstock

Eronning janubi-sharqidagi Teftan vulqoni cho‘qqisi 2023 yil iyulidan 2024 yil mayigacha taxminan 9 santimetrga ko‘tarildi. Geophysical Research Letters jurnalidagi yangi tadqiqotda vulqonshunoslar sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari yordamida uning uyg‘onganini aniqlagan, ko‘tarilish hali ham davom etyapti.

Balandligi 3940 metr bo‘lgan vulqonning qachon otilgani haqida ma’lumotlar yo‘q. 1902 yilda undan tutun chiqqani, 1993 yilda kichik lava oqimi haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqalgan. Olimlar avvalroq oxirgi yirik otilish taxminan 700 ming yil oldin sodir bo‘lganini aytgan edi.

Vulqon faolligi turli omillar ta’sirida yuzaga kelishi mumkin: suv quvurlari tizimini buzuvchi zilzilalardan tortib, yer osti suvlari yo‘llarining o‘zgarishigacha. Hatto kuchli yog‘ingarchilik davri ham hamma narsani silkitishi mumkin. Ammo Teftanga kelsak, buning aniq sababi yo‘q. Bu tadqiqotchilarni ko‘tarilish chuqur yer ostidagi issiq suv va bug‘ cho‘ntagi tufayli magmaning yuqoriga ko‘tarilishi natijasida yuzaga kelishi mumkin degan taxminga olib bordi.

Bu yaqin orada portlash yoki otilishi kutilmoqda degani emas. Ammo bu Teftanning ko‘pchilik o‘ylaganidek uyquda emasligini ko‘rsatadi.

«Bizning tadqiqotimiz shuni ko‘rsatadiki, Teftan ilgari taxmin qilinganidan ko‘ra faolroq. Bu Makran subduksion vulqon yoyining vulqon xavfini joriy baholashni qayta ko‘rib chiqish, ya’ni vulqonlarni kuzatish tarmoqlarini yaratish, geologik xavf xaritalarini yaratish va/yoki yangilash hamda vulqon xavfini kamaytirishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligini ko‘rsatadi», deb xulosa qiladi tadqiqot mualliflari.

Mavzuga oid