Jamiyat | 18:17 / 05.06.2018
226416
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda oyiga 400 ming so‘mga qanday qilib yashash mumkin?

Keyingi paytda yangi ish o‘rinlari ochilayotgani haqida ko‘p gapirayapmiz. Ommaviy axborot vositalarida qaysidir hududda yangi sex ochilib, minglab yangi ish o‘rinlari yaratilgani, boshqa viloyatda butun bir shaharcha ish bilan ta'minlangani yoritilmoqda. Bu juda yaxshi. Inson doimiy ish o‘rniga ega bo‘lgani yaxshi-da! Lekin oylik ish haqi bilan bog‘liq muammolar ham aksariyat kishini tashvishlantiradi, ayniqsa, kuniga 12–14 soat ishlab, arzimas maosh to‘lashsa.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 153-moddasiga ko‘ra, mehnatga haq to‘lash miqdori ish beruvchi va ishchi o‘rtasida tuzilgan bitimga ko‘ra belgilanadi. Bu holatda mehnatga haq to‘lash miqdori qonunchilikda belgilanganidan past bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi va qandaydir yuqori chegara bilan cheklanmaydi.

Ayni vaziyatda, kodeksning 155-moddasiga ko‘ra, belgilangan vaqt ichida ma'lum bir mehnat me'yorlari va mehnat majburiyatlarini to‘liq bajargan ishchining mehnatiga haq to‘lash mehnatga haq to‘lashning qonunchilikda belgilangan yagona tarif setkasi birinchi razryadidan kam bo‘lishi mumkin emas.

2017 yilning 1 dekabridan e'tiboran O‘zbekistonda minimal ish haqi oyiga 172240 so‘mni tashkil etadi.

Yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo‘yicha tarif koeffitsiyenti 2,476 ni tashkil etadi.

Demak, har qanday ish beruvchi oyiga 426466 so‘mdan kam to‘lamaslikka majbur.    

Aynan yuqorida qayd etilgan me'yorlar ko‘plab ishbilarmonlarga inson mehnatidan past qiymatlarda foydalanish imkoniyatini yaratmoqda.

Masalan, Farg‘ona viloyatida tikuv sexi faoliyat ko‘rsatmoqda. U yerda ayollar va erkaklar mehnat qilishadi. Ma'lumotlarga ko‘ra, ular kuniga 12–14 soatdan ishlashadi. Ish vaqti shanba va yakshanbani ham qo‘shib hisoblaganda ertalab soat 8 dan boshlanib, kechqurun soat 9 da tugaydi. Bepul tushlik beriladi. Oyiga faqat 2 kun dam olish mumkin.

Oylik maosh 600 ming so‘mni tashkil etadi.

Yana boshqa misol — oshxona. Yoshi 40dan oshgan ayol har kuni idish-tovoq yuvadi. Ish sharti — ertalab soat 8 dan kechki soat 5 gacha mehnat qilish. Bonus — tekin tushlik. Dam olish mumkin, faqat o‘z o‘rniga odam topib, unga ish haqini o‘z cho‘ntagidan berishi kerak bo‘ladi.

Maosh — 500 ming so‘m.

Qandolat sexi. Qizlar kuniga 12 soatdan ishlashadi. Kun bo‘yi tik oyoqda turib, mahsulot tayyorlashadi. Yo o‘zlari ovqat pishirishlari yo ko‘chadan xarid qilishlari kerak. Agar dam olishga ehtiyoj tug‘ilsa oldindan ogohlantirish kerak, yo‘qsa qat'iy tarzda chora ko‘riladi — ishdan bo‘shatishadi.

Maosh — 600 ming so‘m.

Fast-fud. Kun bo‘yi tik oyoqda ishlanadi. Hot-dog, gamburger, chizburger, gril va shu kabi yeguliklar tayyorlanadi. Bonuslar — tekin ovqat. Ish ertalab soat 7 dan boshlanadi (chunki masalliq tayyorlash kerak) va tungi soat 10 da tugaydi. Oyiga faqat 2 kun dam olish mumkin.

Oylik ish haqi — 500 ming so‘m.

Ishoning, bularning barisi biz o‘rgangan ayrim faktlar xolos.

Nima, ishbilarmon 500-600 ming so‘mdan yuqori maosh to‘lay olmaydimi?

Birinchidan, bunga yuqorida tilga olingan buxgalteriya me'yorlari xalaqit beradi. Ishbilarmon tajribali buxgalterni yollaydi va u unga Yagona tarif setkalari normasi haqida aytib beradi — bo‘ldi. Mana sizga 500 ming oylik deydi, ishbilarmon va bundan ortig‘iga ko‘nmaydi. Hammasi qonun doirasida va hech qanaqa bosh og‘riq yo‘q.

Ikkinchidan, ishchi kuchining haddan ziyod ko‘pligi. Yana nima qilish mumkin? Kishining Rossiyaga borgisi keladi, ammo iloji yo‘q. Onasi kasal, otasi qarib qolgan, singilu-ukalari ham zo‘rg‘a kunini ko‘rib yurishibdi. Ularni qandaydir qilib boqish kerak-ku? Kollejni tugatib, mutaxassisligi bo‘yicha ish topa olmagan. Eng yaxshisi tikuv sexiga ishga kirib, harna oyiga 600-700 ming ishlab topadi. Ustiga-ustak, tumanda ishlayman deganlar tiqilib yotibdi. Agar tezda ishga kirib olmasa, umuman ko‘chada qolib ketishi ham mumkin.

Uchinchidan, ayrim tadbirkorlar umuman vijdonidan ayrilishgan. Farg‘ona viloyatida bir korxonaning ishchilari bilan gaplashdik. Qizlarning aytishicha, korxona egasi xorijiy avtomashina haydaydi, xotini esa o‘zimizda chiqqan jipni; qasrdek hovlisi bor, har yili chet elga sayohatga borishadi. Biz ma'lumotni tekshirib ko‘rdik, faktlar tasdiqlandi. Lekin ishchilarga 500 ming so‘mdan maosh berishadi. Bu holatda ular kuniga 12–14 soatdan, dam olish kunlarisiz ishlashadi.

Buni adolatdan deb bo‘ladimi?

Bu vaziyatdan ishchilarning aksariyati norozi. Axir oyiga 500 ming so‘mga kun ko‘rib bo‘lmaydi. Oylik maosh oddiy kundalik ehtiyojlarga ham yetmaydi. Ishchilardan birining aytishicha, yaqinda onasi kasal bo‘lib qolganda birgina dori-darmonning o‘ziga 1,5 million so‘m ketgan. U qarz olishga majbur bo‘lgan.

Qizlardan biri qo‘shimcha daromad topish uchun fermerlarning dalasida mardikor sifatida ishlashga majbur ekanligini bildirdi. Bu ish bilan u oyiga yana qo‘shimcha 300-400 ming so‘m ishlab topar ekan. Lekin bu ham mavsumiy ish hisoblanadi.

Xorijiy avto xarid qilish, Yevropa bo‘ylab sayohat qilish — shaxsiy ish. Lekin «oyiga 500-600 ming maosh» muammosi davlat va jamiyatning muammosiga aylanmog‘i kerak.

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar Strategiyasiga e'tibor qiling.

Strategiyada aholining turmush, soliq tizimi va qonun yaratish sharoitini yaxshilash ta'kidlab o‘tilgan.

Shu sababli O‘zbekistonning 2 milliondan ziyod aholisi Rossiyada mehnat qilayotgani, yoshlar vatandan xorijga «qochib» ketayotgani, mamlakatda yashash juda qiyinligi haqida gap ochilsa taajjublanmang.

Darvoqe, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida ishchining normal ish vaqti haftasiga 40 soatdan oshmasligi kerakligi haqidagi modda bor ekan.

Biz kodeksni uch marta qayta tekshirdik: Kodeks 1995 yilning 21 dekabrida qabul qilingan ekan va hanuzgacha amalda ekan.

Yagona tarif setkasini to‘liq qayta ko‘rib chiqib, insonlarga normal ish haqi olish uchun sharoit yaratish zarur, deb hisoblaymiz. O‘zbekiston — bu bizning Vatanimiz va har qanday kishi o‘z mamlakatida yaxshi yashash huquqiga ega.

Ulug‘bek Akbarov

Mavzuga oid