17:13 / 08.06.2018
80353

Zakot – inson molu davlatini ziyoda etib, uni poklaydigan ibodatdir

“Islom nuri” dasturining navbatdagi sonida mo‘min-musulmonlarning moliyaviy ibodati bo‘lmish zakot haqida so‘z boradi. Zakotni kimlarga berish yoki bermaslik kerak, uning tartiblari qanday?.. Bu haqda Vaqf xayriya jamoat fondi boshqaruv rahbari Jaloliddin Hamroqulov batafsil ma'lumot berdi.

YouTube'da ko‘rish

Tas-IX'da ko‘rish

- Mo‘min-musulmonlar Ramazon oyida dinimizning yana bir rukniga oid ibodatga bel bog‘laydilar. U ham bo‘lsa zakot masalasi. Zakot dinimizning besh ruknidan uchinchi o‘rinda turadigan, Qur'oni karimda o‘ttizdan ortiq o‘rinda zikr qilingan, shulardan 23 o‘rinda namoz bilan barobar qo‘yilgan. 

Zakot so‘zi “o‘sish”, “poklash” ma'nosini bildiradi. Moli nisobiga yetgan boy odam zakotini ajratsa, demak moliga baraka kiradi va o‘sha moli poklanadi. Diniy ta'limot yuzasidan ta'rif beradigan bo‘lsak, maxsus moldan maxsus qismini maxsus odamlarga Allohning roziligi uchun berish zakot deyiladi. Bugungi kunda 16 million so‘m puli bo‘lib, o‘zining kundalik xarajatidan holi mablag‘i bo‘lsa, o‘sha odamning boyligi nisobiga yetgan bo‘ladi. 

Zakot nima uchun Ramazon oyida belgilanadi. Hanafiy ulamolarimizning targ‘ibi bo‘yicha, bu oyda qilingan amallarga beriladigan savoblar ko‘proq bo‘lganligi uchun mana shu oy belgilangan. Ramazon oyi mashhur oy, bu oyda odamlar uning fazlini topishga harakat qilishadi. Mana shu oygacha insonning boylik nisobi yetgan bo‘lsa, u o‘z xarajatlaridan tashqari boyligining qirqdan bir qismini maxsus odamlarga beradi. Maxsus odamlar kimlar? Alloh taolo Tavba surasining 60-oyatida kimlarga zakot berish kerakligi haqida bayon qilgan. Unda sakkiz toifa kishi bayon qilingan bo‘lsa, bugungi kunda ulardan ikkitasi mana shu ro‘yxatdan chiqadi.

Bugun har bir inson bu ibodatning farzligini, uning ajr-mukofoti qanchalik buyuk ekanligini his qilsa, albatta, qiziqadi. Birov kelib molingdan zakot berdingmi, deb eslatishi shart emas, chunki bu ibodat. Ibodat bo‘lganidan so‘ng mo‘min-musulmon kishi o‘zi his qilishi va uni mukammal ado qilishga intilishi lozim. 

Vaqf xayriya jamoat fondi
boshqaruv rahbari Jaloliddin Hamroqulov

Oluvchi odamlar kimlar? Yuqorida sanab o‘tganimizdek, miskin, faqir, musofir, tolibi ilmlar, bemorlar deymiz, lekin ana shu oluvchi odamlar ham bu narsani ibodat ekanligini his qilib, haqiqatan ham mana shu narsani olishga haqlari borligini bila turib qabul qilishlari kerak bo‘ladi. Ko‘r-ko‘rona olib qolish mumkin emas. 

O‘ylaymanki, bugungi kunda juda ko‘p insonlar zakot berishga haqli. Zakot berganda ham dinimiz ta'limotiga ko‘ra, o‘zlarining yaqinlaridan, qarindosh-urug‘laridan boshlashi kerak bo‘ladi. Ammo qarindoshlar, xususan, aka-uka, opa-singillarga faqat Ramazon oyida zakot berib, ularning haqi ado qilinmaydi. Boshqa oylarda ham ular holidan xabar olib turish lozim bo‘ladi. 

Odamlar orasida turli toifa insonlar uchrab turadi. Molu davlat insonga qancha ko‘p yuqsa, odamning unga bo‘lgan muhabbati ziyoda bo‘lib boradi. Bu tabiiy hol, biroq mo‘min-musulmonlar chegarani biladi. Buni Allohning fazli deb tushunishadi. Omonatdorlikni his etishadi. Luqmoni Hakim aytadilar: “Alloh taolo qaysi bir insonni puldor qilsa, u shunchalik ishonchli odamga aylanadi”. Shu sabab molu davlati ko‘p odamlar bilsinki, Alloh taolo ularga boylik beryaptimi, demak ularga ishonyapti. U bu mol-davlatidan kambag‘al, beva-bechoralarga yordam beradi, ularning haqini ado etadi, - dedi J.Hamroqulov.

Maqola O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi asosida tayyorlandi.

Mavzuga oid
Top