Jahon | 09:37 / 09.06.2018
58115
3 daqiqa o‘qiladi

80 yoshli choldek ko‘rinuvchi 18 yoshli “bobo”

Xitoylik Syao Tsuyni ko‘rib, hech shubhasiz u kamida 80 yoshda ekanligini aytish mumkin. Biroq aslida Tsuy 18 yoshli o‘smir bo‘lib, hali maktabda o‘qiydi va kamdan-kam uchraydigan sindromdan aziyat chekadi. Bu sindrom tufayli uning yuz mushaklari va terisi qari odamlarniki kabi osilib qolgan. Shu sababli ham u shunday qari ko‘rinadi.

Foto: Videodan kadr

O‘smir Xarbindagi maktabda o‘qiydi. Yigitning aytishicha, u kasallik alomatlarini bir necha yil avval seza boshlagan va o‘shandan beri u yil sayin “qarilashib” bormoqda, uning terisi borgan sari osilib ketmoqda. 

Shifokorlar o‘smirga nima bo‘layotganini aniqlashga urinmoqdalar. Mutaxassislar u qanday kasallikdan aziyat chekayotgani, uni qanday davolash yoki jilla qursa, terisi osilishini qanday to‘xtatish mumkinligi ustida bosh qotirmoqdalar. Yigitda tashqi qiyofasini boridek qabul qilishdan va kayfiyatni tushirmaslikdan boshqa iloji yo‘q.  

Xayriyatki, Tsuydagi kasallik uning sog‘lig‘iga ta'sir qilmagan, u o‘zini yaxshi his qiladi. Ta'kidlanishicha, u maktabdagi eng yaxshi o‘quvchilardan biri hisoblanadi. Sinfdoshlari u barcha fanlarni yaxshi o‘zlashtira olishi sababli uni Supermen deb ataydilar, Yigitning o‘qituvchilari ham uni maqtaydilar. Ular Tsuy boshidan ko‘p narsani o‘tkazishiga to‘g‘ri kelganiga qaramay, mamlakatdagi eng yaxshi universitetga o‘qishga kirishiga va o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishiga ishonishmoqda. 

Yigitning aytishicha, ba'zida odamlar uni ko‘rinishi sababli mazax qiladilar, biroq bu vaziyatdan chiqishning bir yo‘li kayfiyatni tushirmaslikdir.

“Agar men qiyofam meni tashvishlantirmaydi desam, aldagan bo‘laman. Biroq mening kuchim hech qachon umidsizlikka berilmasligimdadir”, deb aytmoqda Tsuy.

Foto: Videodan kadr

Hozirda yigit imtihonlarga tayyorlanmoqda. U Xitoyning eng nufuzli ta'lim muassasalari hisoblangan Pekin universiteti yoki Tsinxua universitetiga o‘qishga kirishiga umid qilmoqda.

Mavzuga oid