O‘zbekiston | 18:42 / 11.06.2018
29386
7 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar Ittifoqi mexanizmi qanchalik to‘g‘ri?

Shaxs va shaxsiyatni tinch qo‘yib, tizim haqida gaplashmaymizmi?

Jurnalist va bloger Diyor Imomxo‘jayev feysbukdagi sahifasida Yoshlar ittifoqi bilan bog‘liq vaziyatga munosabat o‘laroq post qoldirdi.

Toki shaxsga sig‘inish va shaxslarga qarshi kurash davom etar ekan, bu ishimizdan changlattaning isi anqiydigan bo‘lib qoladi. Yoshlar Ittifoqining kattasi va oddiy jurnalist o‘rtasida paydo bo‘lgan duel sabab kulishni ham, yig‘lashni ham bilmay qoldim.

Chunki inson xato qiladi, bilmay gapirib qo‘yadi. Shu xayol bilan qaraganda, Quranboyevni tushunish mumkin. Biroq Ittifoqdek katta tashkilot rahbari har bir jumlasini o‘ylab gapirishga majburki, Qarshiyev ko‘rsatib berayotgan milliy jurnalistikaning hozirgi pozitsiyasi shuni talab qiladi.

Men savolni boshqacha qo‘yishni istardim. Keling, shaxslarni tinch qo‘yaylik. Zero Quronboyevga qarshi chiqayotganlar inson huquqlarini himoya qilyapti, uning yoni bo‘layotganlar esa shaxsga sig‘inayotgandek taassurot qoldiryapti. Agar birgina insonning ishdan olinishi va uning o‘rniga yangisi kelishi Yoshlar Ittifoqi armiyasi kuchiga soya solsa, demak biz yillar davomida kuchli, o‘z pozitsiyasi bor yoshlarni emas, shunchaki zombilarni tarbiya qilgan bo‘lib qolamiz. Hozirgi holat katta Karimova atrofida jam bo‘lib ayuhannos solgan yoshlarni sizga eslatgandek bo‘lmayaptimi?

Farqi yo‘q – Ittifoqni Quronboyev boshqaradimi yoki boshqasi (keyingisi ham, o‘zi ham endi yetti o‘lchab bir kesishga majbur). Ammo Yoshlar Ittifoqi mexanizmi qanchalik to‘g‘ri degan savolni nega qo‘yib ko‘rmaymiz? Bitta inson ham, bitta katta tashkilot ham mutlaqo ayri yo‘lda bo‘lishi katta ehtimol. Biz monopol korxona-yu tashkilotlardan aziyat chekkanimiz yetmayotgandek, o‘zimiz boshqasini ishga tushirib qo‘yishimiz qanchalik to‘g‘ri? Aytaylik, hokimiyat ilinjida kamida 4ta partiya kurash olib boradi. Ular o‘zining yo‘li, o‘z prinsiplari va qarashlari fonida raqobat hosil qiladi. Ularning yoniga muxolifat partiyalari qo‘shilishi, turfikrlilikni yanada oshiradi, kimdir ko‘rmayotgan kamchilikni o‘sha oppozitsiya eslatib turadi.

Ammo Yoshlar Ittifoqi bitta va unga ajratilgan kattagina mablag‘ mavjud. Agar bizda uning kabi yana 2—3 tashkilot bo‘lganida, vaziyat biroz boshqacha ko‘rinish olishi mumkin edi. Quronboyev ham, uning ittifoqchilari ham kim bilandir hisoblashardi, raqobatda yutish uchun intilardi. Hozirgi holatda esa ular o‘z yo‘nalishida monopol. Shuning uchun ham Ittifoq a'zolarining hammasini iqtidorli, unga a'zo bo‘lmaganlarni iqtidorsiz deya olmaysiz. Buni o‘sha Ittifoq ichida bo‘lmasa-da, shunday katta tashkilotga bemalol tosh otayotgan hech bo‘lmaganda birgina jurnalistning bor ekani ham ko‘rsatib turibdi. Chunki o‘sha yosh jurnalist tashkilot kattasining kichik xatosini ko‘rsatib, bu ishning noqonuniy tomonini ochyapti, Qarshiyevga qarshi chiqayotganlar esa Quronboyevning fozil va qobil inson ekaniga urg‘u beryapti (katta ehtimol bilan shunday bo‘lishi ham mumkin). Eng yomoni ham shu. Zero biz biror shaxsni emas, Konstitutsiyani afzal deb bilganimizdagina o‘zimiz istayotgan jamiyat qura olishimiz mumkin.

O‘ylab ko‘ring, Yoshlar Ittifoqi raisini oqlash aksiyasi qanchalik katta rezonans keltirib chiqardi. Demak, ular saylovlarga ham bevosita ta'sir o‘tkazishi, biror masalaning u yoki bu yoqlik bo‘lishiga «hissa» qo‘shishi mumkin. Men Yoshlar Ittifoqi yomon ishlayapti, noto‘g‘ri ishlar qilyapti demoqchi emasman. Ammo u qanchalik to‘g‘ri yo‘lda ekanini hech bo‘lmaganda o‘zi uchun bilib olishi yo‘lida ham raqobatchilari kerak, oppozitsiya kerak. Hozirgi holat esa jamiyatni teng ikkiga bo‘lib qo‘yayotgani uchun ham xavflidir. Prezidentimiz davlat ichidagi davlatchalarga qarshi qanchalik samarali kurash olib borayotganini ko‘rib turibmiz va kecha yana ko‘ryapmizki, boshqa bir kichik davlat vujudga kelyapti. Shuning uchun ham u yaqqol monopol bo‘lishi kerak emas.

Men Quronboyevni tanqid qilish fikridan yiroqman. Uni shaxsan tanimayman, u yaxshi ishlarga bosh bo‘lishi kerak bo‘lgan tashkilotning rahbari, yelkasida kattagina mas'uliyat yuki bor bo‘lgan inson. Ammo hozir «Kamolot» va «Yoshlar Ittifoqi»ning farqini tushunishni juda istardim. Balki ichida bo‘lmaganim uchundir, menga farqi kattadek ko‘rinmaydi. Kuchli fuqarolik jamiyati qurish istagida bo‘lsak, biz shamol qay tarafga essa, uning ketidan yangi tashkilotga yugurib boradigan yoshlar uchun imtiyoz berishimiz shart emas. U xoh «Kelajak ovozi» bo‘lsin, xoh «Kamolot», xoh «Yoshlar Ittifoqi», farqi yo‘q. Men ishonamanki, shu tashkilotlarning birortasi bilan hamkorlik qilmagan, o‘z yo‘nalishida yetakchi, pozitsiyasi qat'iy bo‘lgan yoshlar ham ko‘p. Agar ularni bo‘lib qo‘yishni, bir-biriga qarshi kurashi mantiqsiz, sifatsiz emas, qonuniy, raqobatbardosh bo‘lishini istasak, mexanizmni to‘g‘rilashimiz kerak. Menimcha u hozir biroz xato ishlayapti.

P.S. Quronboyev taksiga o‘tkazib yuborgan kelin-kuyov masalasida ortiq fikr bildirishni istamasdim. Umid qilamanki, bu ishning to‘g‘ri ekanini uqtirayotgan yoshlarimizning hammasi o‘z to‘yiga taksida boradi, allaqachon oila qurganlari bo‘lsa, kamxarj to‘ylarda namuna bo‘ladi.

Post so‘ngida Davletovning o‘zimga juda yoqqan fikrini keltirib o‘taman: «Fikrimizcha, har bir fuqaro, har bir jurnalist davlat byudjyeti, ya'ni sizu bizning soliqlarimiz hisobidan faoliyat yuritadigan tashkilot va uning mansabdor shaxslarini tanqid qilishga, uning iste'fosini talab qilishga, bu borada o‘z fikr-mulohazalarini ochiq-oydin bildirishga haqli. Bunday fikr bildirish uchun fuqaro yoki jurnalist «o‘zi nimanidir qoyillatib qo‘ygan bo‘lishi shart emas».

Mavzuga oid