Jahon | 23:29 / 11.06.2018
19845
2 daqiqa o‘qiladi

Xorvatiya prezidenti mamlakat aholisi kamayib ketayotganidan tashvish bildirdi

Foto: RIA Novosti / Maksim Blinov

Xorvatiya prezidenti Kolinda Grabar-Kitarovich mamlakat fuqarolariga demografiya sohasidagi “falokatli” ko‘rsatkichlar haqida ma'lum qildi va aholi qisqarishiga qarshi bir qator choralar ko‘rishni taklif qildi. 

Grabar-Kitarovichning ma'lum qilishicha, 2011 yilda Xorvatiya aholisi 4 mln 284 ming 889 kishini tashkil qilgan, hozir esa bu ko‘rsatkich 4 mln kishidan pastroqqa tushib ketgan.  

“Agar biz falokatli demografik tendensiyalarni to‘xtatmasak, unda 2051 yilgacha 1,1 mln kishidan ko‘proq aholini yo‘qotamiz. Yoshlarning soni va ulushi ham tez sur'atlarda qisqarib bormoqda, keksa yoshlilar soni esa aksincha ko‘paymoqda. Agar shunday davom etsa, bizda 2051 yilga kelib 3,15 mln kishigina bo‘ladi, mehnatga layoqatlilar soni esa hozirgi 2,9 mln kishidan 1,8 mlngina qoladi”, deb aytgan Xorvatiya rahbari. 

Uning aytishicha, mamlakatdan butun oilalar, ko‘plab yoshlar ko‘chib ketmoqda. Shu sababli prezident oilalarni va yangi tug‘ilganlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga olgan chora-tadbirlar paketini taklif qilgan. 

Xorvatiya 2013 yildan Yevropa ittifoqi a'zosi hisoblanadi. Eurostat ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakat Yevropa ittifoqida mehnatga layoqatli aholisi xorijga chiqib ketishi bo‘yicha hozir Ruminiya va Litvadan keyin 3-o‘rinda turibdi. Ta'kidlanishicha, Xorvatiyadan bunday toifadagi 14 foiz aholi chiqib ketgan, Litva va Ruminiyada bu ko‘rsatkich 15 foizni tashkil qiladi. 

Mavzuga oid