Jahon | 22:53 / 11.06.2018
7000
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjonda paxta dalasida 24 ishchining zaharlanishi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi 

Ozarboyjon bosh prokuraturasi Saatlin tumanidagi paxta dalasidagi ishlar vaqtida 24 ishchining kimyoviy moddalardan zaharlanishi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi. 

Ta'kidlanishicha, jinoiy ish “O‘simliklar kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurash qoidalarining og‘ir oqibatlarga olib kelgan buzilishi” va “Mansabdor shaxsning o‘z ortidan og‘ir oqibatlarni olib kelgan mas'uliyatsizligi, o‘z xizmat vazifalariga noinsof yoki beparvo munosabati” moddalari bo‘yicha qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, paxta zararkunandalariga qarshi ishlatilgan kimyoviy moddalar namunalari olingan, sud-tibbiy, sud-kimyoviy va boshqa ekspertizalar belgilangan. 

Ozarboyjonning Report axborot agentligining ma'lum qilishicha, jabrlanganlar tumanning markaziy shifoxonasiga yetkazilganlar, ulardan 2 nafari tibbiy yordam ko‘rsatilgach uylariga qo‘yib yuborilgan, biroq 4 kishi og‘ir ahvolda Bokudagi toksikologik markazga jo‘natilgan. Ta'kidlanishicha, ayni vaqtda kasallarning ahvoli qoniqarli.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, ishchilarning zaharlanishiga begona o‘tlarga qarshi kurashda qo‘llanuvchi Formula 5-FEC preparati sabab bo‘lgan.  

Ma'lum qilinishicha, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevga ushbu hodisa haqida zudlik bilan xabar berilgan. Aliyev jabrlanganlarning davolanishini nazorat ostiga olishni buyurgan. Voqea yuz bergan tumanga tarkibiga Oziq-ovqat xavfsizligi agentligi, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ekologiya va tabiiy zaxiralar vazirliklari xodimlari kirgan komissiya jo‘natilgan.

Mavzuga oid