O‘zbekiston | 15:14 / 12.06.2018
71913
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Marg‘ilondagi tikuvchilik korxonasiga tashrif buyurdi

Shavkat Mirziyoyev Marg‘ilon shahridagi «Narimteks» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishib, tikuvchi ayollar bilan muloqotda bo‘ldi.

«Xotin-qizlarimizning hayotga munosib bo‘lishida kiyinish madaniyatining o‘rni katta. Libosi o‘ziga yoqsa, yarashsa, ayol kishining kayfiyati yaxshi bo‘ladi. Bunday chiroyli va bejirim, milliy mentalitetimizga mos kiyimlar kiygan xotin-qizlarning dunyoqarashi ham keng bo‘ladi. Bu yo‘nalishni rivojlantirish uchun hamma sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz. Chunki ayollarni rozi qilish davlatimizning eng katta siyosati», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirgan prezident matbuot xizmati.

2008 yilda tashkil etilgan mazkur korxona ayollar kiyim-kechaklarini tikishga ixtisoslashgan. 2012-2015 yillarda Xitoy bilan hamkorlikda ishlab chiqarish jarayoni modernizatsiya qilingan. Zamonaviy bichish-to‘qish, bezak berish hamda tikuv mashinalari keltirib o‘rnatilgan. 

«Bugungi kunda bu yerda ko‘ylak, kostyum, kamzul, palto, kurtka kabi 20 turdan ortiq mahsulotning 1000ga yaqin modeli ishlab chiqarilmoqda. Zamonaviy fasonlarga monand tayyorlangan bu liboslar yurtimiz xotin-qizlariga ma'qul bo‘lmoqda. Bundan tashqari, o‘tgan yili korxonada 632 ming AQSh dollarilik mahsulot eksport qilingan. Joriy yilda ushbu ko‘rsatkichni 801 ming dollarga yetkazish mo‘ljallanmoqda», deyiladi xabarda.

Prezident Germaniya texnologiyasi asosida dasturlashtirilgan dekorator uskunasining ahamiyati haqida to‘xtaldi. Kiyimlarning dizayni va ranglariga alohida e'tibor qaratish zarurligini ta'kidladi. 

«Xorijdan texnologiya olib kelishimiz mumkin. Lekin uni ishlatish mutaxassisga bog‘liq. Shuni yaxshi tushuninglarki, kechagi bilim bilan bugungi va ertangi zamonni qurolmaymiz. Shuning uchun hamisha o‘qish, o‘rganish, dizayner va ishchilarning malakasini doimiy oshirib borish zarur», degan davlat rahbari.

Mavzuga oid