O‘zbekiston | 16:01 / 14.06.2018
46247
4 daqiqa o‘qiladi

Hukumat avtotransportni boshqarish tizimiga doir yangi qarorni qabul qildi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining 9.06.2018 yildagi «O‘zbekiston Respublikasida avtomobil transportini boshqarish tizimini takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 434-son qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda Norma.

Avtovokzallar va avtostansiyalar modernizatsiyalanadi, to‘xtash bekatlari ta'mirlanadi va yangilari quriladi, birgalikda reydlar o‘tkazila boshlaydi
 
«O‘zavtotrans» agentligiga (sobiq O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi) mintaqaviy hokimliklar hamda vakolatli idoralar bilan birgalikda bir qator topshiriqlar berildi.
 
Birinchidan, avtovokzallar va avtostansiyalar faoliyatini boshqarish va tartibga solishning markazlashtirilgan tizimi ishlab chiqilishi zarur. U 2019 yilning ikkinchi yarim yilligida joriy etilishi kerak.
 
Bunda quyidagilar ta'minlanishi lozim:

• ularni ilg‘or AKT bilan ta'minlash, avtovokzallar, avtostansiyalar hamda «O‘zavtotrans» agentligi o‘rtasida axborot-tarmoq aloqasining zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish;
• avtovokzal va avtostansiyalarga ularning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish maqsadida yo‘lovchilar yo‘nalishlarini biriktirish;
• yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha, sh.j. aholini yo‘nalishlar, variantlar va belgilangan manzilga yetib boruvchi transport turlari haqida xabardor qilish yuzasidan xizmatlarning keng miqyosdagi ro‘yxatini taqdim etish.   
 
Ikkinchidan, yo‘lovchilarni ruxsatnoma hujjatlarisiz chiqarish/tushirish bilan noqonuniy shug‘ullanuvchi sun'iy avtoturargohlar muammosini hal etish.
 
Uchinchidan, shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro yo‘nalishlarda avtobuslarning maqbul ish rejimini taklif etish lozim.
 
To‘rtinchidan, ularga ehtiyojni hisobga olgan holda xalqaro yo‘lovchi avtobus yo‘nalishlarini ochishga doir tizimli ishni tashkil etish.
 
Beshinchidan, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tasarrufidagi umumiy foydalaniladigan yo‘lovchilar tashish yo‘nalishlaridagi to‘xtash punktlarini xatlovdan o‘tkazish hamda yangi bekatlarni qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va ta'mirlashga ehtiyojni aniqlash. Natijada Hukumat tasdiqlaydigan 2018–2021 yillar uchun tegishli dastur qabul qilinishi kerak.
 
Oltinchidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida YHXX va «O‘zavtotrans» agentligi hududiy boshqarmalari inspektorlaridan iborat doimiy faoliyat yurituvchi mobil guruhlarni shakllantirish. 
 
Ular tashuvchilarning yo‘lovchilarni tashishda xavfsizlik talablariga rioya etishi, tender kontraktlari va yuk tashish shartlarini bajarishi yuzasidan birgalikda muntazam reydlar o‘tkazadilar. Shuningdek avtomobillarni majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish va YTHning oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlarini amalga oshirishda ishtirok etadilar.
 
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklarining barcha turdagi yo‘lovchi transportini litsenziyalash va harakatlanishini muvofiqlashtirish departamentlari «O‘zavtotrans» agentligining tegishli hududiy boshqarmalariga birlashtirildi.
 
Tegishincha, endi ular avtomobil transportida tashish uchun litsenziyalar beradilar. Ilgari departamentlar bergan litsenziyalar va litsenziya kartochkalari ularda ko‘rsatilgan muddatlargacha amal qiladi. 1 iyundan boshlab esa, ayrim istisnoli holatlardan tashqari, amal qilish muddati cheklanmagan litsenziyalar beriladi.
 
Hujjat 11.06.2018 yildan kuchga kirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq taksi to‘g‘risidagi qoidalarga internet orqali elektron to‘lov qo‘shilgani xabar qilingandi

Mavzuga oid