Jahon | 21:03 / 15.06.2018
6418
2 daqiqa o‘qiladi

Italiya va Fransiya qochqin bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatda ayblanmoqda

Foto: EPA

Oxfam xalqaro xayriya tashkiloti Fransiya va Italiya hukumatlarini qochqin bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishda aybladi. Tashkilot hisobotida shu haqida ma'lum qilindi.

Unda yozilishicha, Italiyadagi byurokratiya tufayli qochqin bolalar Fransiya bilan chegarada xavfli shart-sharoitlarda qolishmoqda. Shu bilan birga, fransiyalik chegarachilar hujjatlar bilan bog‘liq muammolarni bahona qilib, kattalar hamrohligida bo‘lmagan bolalarni ortga qaytarishmoqda. 

Oxfam ma'lumotlariga ko‘ra, kichik yoshli migrantlar jismoniy va axloqiy zo‘ravonlikka duch kelmoqda. Ularni qo‘lga olib, suvsiz, ovqatsiz va issiqlik o‘tmagan kameralarga joylashtirishmoqda. Bundan tashqari, ular o‘zlarining qonuniy vakillariga chiqish imkoniga ega emas. Bu esa ham Fransiya, ham Yevropa qonunchiligiga ziddir.

Manbada ta'kidlanishicha, chegarachilar bolalardan sim-kartalarni tortib olib, ularning poyabzali tagligini kesib, ortga piyoda qaytarishmoqda. 

2017 yilning iyulidan 2018 yilning apreligacha Italiya chegarasidan kamida 16,5 ming migrant kesib o‘tgan. Hujjatga ko‘ra, bular asosan Sudan, Eritreya, Suriya va Afg‘onistondan borgan migrantlardir. Ularning aksariyati Fransiya, Buyuk Britaniya, Shvetsiya va Germaniya tomon yo‘l olgan.

Oxfam — butun dunyo bo‘yicha qashshoqlikka qarshi kurashayotgan 17 tashkilotdan iborat xalqaro birlashma. Unga 1942 yilda Britaniyaning Oksford shahrida asos solingan. Tashkilot davlat tomonidan moliyalashtiradi, biroq xususiy shaxslar ham muntazam ravishda xayriya qilib turishadi.

Mavzuga oid