O‘zbekiston | 22:12 / 17.06.2018
14964
3 daqiqa o‘qiladi

Mirishkorlik mirishkorlar respublikada birinchi bo‘lib rejani to‘ldirishdi

Mirishkor - nafaqat Qashqadaryo viloyati, balki respublikada ham iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lgan tumanlardan biri sanaladi. O‘ziga xos dehqonchilik madaniyatiga ega bo‘lgan tuman iqtisodiyotida g‘allachilik yetakchi o‘rin egallaydi.

O‘tgan yilgi estafetani davom ettirgan mirishkorlik dehqonlar joriy yilda 22845 gektar maydonda dehqonchilik qilishdi. Mirishkorliklar uygan yalpi xirmon salmog‘i rejadagi 47380 tonna o‘rniga amalda 50000 tonnani tashkil etdi. Belgilangan reja 1239 fermer xo‘jaliklari tomonidan 17 ish kunida uddalandi. Tuman dehqonlari davlatga yana qo‘shimcha 10 ming tonna atrofida don yetkazib berishni rejalashtirishmoqda.

«Shu yil 29 may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan berilgan topshiriq asosida aniq vazifalarga tayanib ish tutgan «Maxtumquli», «Yangiobod», «Avtonomov», «R. G‘oyibov», «Mirishkor», «Jyeynov», «Pomuq», «Chandir», «Amir Temur», «Ko‘hna Fazli», «Avazcho‘l», «Tojikiston», «Toshkent», «Oltin boshoq» massivlaridagi fermer xo‘jaliklari yuksak natijalarni qayd etishdi. E'tiborli jihati, bu  yilgi tabiiy iqlim sharoitida mardonavor mehnat qilgan, tajriba va mahoratga tayanib ish yuritgan yuzdan ziyod ilg‘or fermer xo‘jaliklari gektarlar hosildorligini 55-60 sentnerga yetkazib, barchaga o‘rnak bo‘ldi», deydi Mirishkor tuman hokimi Ravshan Komilov.

Ishni yuqori sur'atlarda tashkil etib, kuniga davlat qabul maskanlariga 3800-4000 tonnagacha sara don yetkazib berishda mirishkorliklar qatorida Chiroqchi, Qamashi, G‘uzor, Yakkabog‘, Qarshi va boshqa tumanlardan o‘rim-yig‘imga jalb etilgan zamonaviy texnikalar kuchidan ham unumli foydalanildi. Dalalarda esa hali hosil mo‘l. Shu bois tajribali dehqonlar, ilg‘or fermerlar o‘zaro kengashib, davlatga yana qo‘shimcha 10000 tonna sara don armug‘on etishga ahd qilishgan.

Foto: Mirishkor mash'ali
Foto: Mirishkor mash'ali
Foto: Mirishkor mash'ali
Foto: Mirishkor mash'ali
Foto: Mirishkor mash'ali
Foto: Mirishkor mash'ali

Quyidagi videoda tuman hokimi kombaynga minib, g‘alla o‘rimiga o‘z ulushini qo‘shayotganini ko‘rish mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid