Jamiyat | 14:45 / 18.06.2018
13963
4 daqiqa o‘qiladi

Bojxonachilar «reeksport» operatsiyasi ortidagi mug‘ombirlikni fosh etishdi

Andijon viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida respublikamizga 17 ming 625 kg. o‘simlik yog‘larining noqonuniy olib kirilishining oldi olindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, ayni shu tovarlar avval ham respublikamizga «mehmon» bo‘lgan edi.

«Yaqinda Turkiyadan Andijonda faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkor X.X. nomiga 22,2 ming kg. og‘irlikdagi salkam 24,5 ming litr o‘simlik yog‘i keltiriladi. Bojxona xodimlari mazkur tovarlarning bojxona to‘lovlari 92 mln. so‘mni tashkil etishini ma'lum qilishgach, X.X. go‘yoki bojxona to‘lovlarini to‘lash imkoniyati yo‘qligini bahona qilib, ushbu o‘simlik yog‘ini respublikamizdan reeksport qilish, ya'ni, soddaroq qilib aytganda qayta olib chiqib ketishga qaror qiladi.

Shu tariqa, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgach, o‘simlik yog‘i viloyatdagi «Do‘stlik» chegara-bojxona posti orqali qo‘shni davlatga olib chiqib ketiladi», deyiladi xabarda.

Keyinroq Oltinko‘l tumanida fuqaro K.G‘. boshqaruvidagi yuk mashinasi huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda to‘xtatilib tekshirilganda, unda fuqaro R.D.ga tegishli 18 litrlik 540 dona idishlarga qadoqlangan 9720 litr o‘simlik yog‘i olib ketilayotganligi aniqlanadi. Ammo, ularning sifatini va bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘q edi. Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu yuk mashinasiga tovarlar ortilgan manzil surishtirilganida, bu Andijon tumanida joylashgan
sement omborlaridan biri bo‘lib chiqdi. Ombordagi sellofan paketlar ostiga ham ayni shu yog‘dan yana 536ta idishda 9648 litr «g‘amlab» yashirib qo‘yilgani ma'lum bo‘ladi.

«Ma'lum bo‘lishicha, ushbu o‘simlik yog‘lari aslida yakka tartibdagi tadbirkor X.X. tomonidan respublikamizdan olib chiqib ketilgan yog‘larning o‘zginasi ekan. Bu gal bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlash uchun fuqarolar X.X ishonchli hamkori R.D. bilan kelishgan holda «Do‘stlik» chegara-bojxona posti orqali o‘tib-qaytuvchi fuqarolarni tashmachilikka yollab, ushbu yog‘ni
mayda-mayda turkumlarda olib kirishgan ekan. Tezkor tadbir natijasida, qiymati salkam 193 mln. so‘mlik 17 ming 625 kg. o‘simlik yog‘ining noqonuniy ravishda olib kirilishi oldi olindi. Hozirda tadbirkorning bojxona omborlarida Turkiyadan keltirilgan boshqa partiyadagi 20 ming 720 kg.dagi o‘simlik yog‘i vaqtincha saqlovda turibdi. Xo‘sh, tadbirkor ushbu yog‘ga tegishli bojxona to‘lovlarini to‘laydimi yoki yana «reeksport» nayrangini qo‘llashga urinadimi? Buni endi vaqt ko‘rsatadi. Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda», deyiladi .

Mavzuga oid