16:23 / 19.06.2018
12779

Nurmagomedov: Makgregorni yo‘q qilib tashlamoqchiman

Foto: theotheragency.eu

Aralash yakkakurashlar bo‘yicha rossiyalik jangchi Habib Nurmagomedov Bokuga tashrif buyurib, o‘z ishqibozlari bilan uchrashdi. Jangchining barcha muxlislarini qiziqtirgan asosiy masala, - UFC yulduzi Konor Makgregor bilan rejalashtirilayotgan bellashuv haqida bo‘ldi. Rossiyalikning so‘zlariga ko‘ra, u raqibi kim bo‘lishi hozircha bilmaydi, biroq bu aynan irlandiyalik bo‘lishini xohlaydi.

- U juda ko‘p gapirgandi, biroq, ish real muzokaralarga borib yetganda, negadir jim bo‘lib qoldi. Men uni yo‘q qilib tashlamoqchiman, ammo jang nechanchi raundda tugashini aytish mushkul. O‘ylashimcha, bellashuv parterda bo‘lib o‘tadi, ko‘proq kurash kuzatiladi, - dedi Habib Nurmagomedov.

Habib faoliyatni yakunlash haqidagi savolga, bu haqda to‘rt nafar asosiy raqib ustidan g‘alaba qozongach o‘ylab ko‘rishini aytdi. Shuningdek, Nurmagomedov Bokuda o‘zi ishtirokida jang o‘tkazish imkoniyatini istisno etmagan.

Habib Nurmagomedov - UFC’ning yengil vazn toifasidagi amaldagi chempioni. UFC versiyasi bo‘yicha eng yaxshi jangchilar ro‘yxatida 8-o‘rinni egallab turibdi.

Konor Makgregor - UFC’ning yengil va yarim yengil vazn toifasidagi sobiq chempioni.

Mavzuga oid
Top