O‘zbekiston | 08:41 / 20.06.2018
15683
3 daqiqa o‘qiladi

Ishga kirishda sudlanganligi tugallangan shaxslarning sudlanganligi haqidagi ma'lumotlarni yozib qo‘yish amaliyoti to‘xtatiladi

Foto: zab.ru

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Toshkent shahrida jamoat tartibini ta'minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjatda ko‘rsatilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy sud va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

a) quyidagilarni nazarda tutgan holda muqaddam sudlangan shaxslar bilan ishlash tizimini takomillashtirish:

shaxsni muqaddam sudlangan deb topishda qonun hujjatlari normalariga qat'iy rioya etish;

o‘qishga, ishga kirishda yoki boshqa hollarda sudlanganlik holati tugallangan yoki sudlanganligi olib tashlangan shaxslarning sudlanganligi haqidagi ma'lumotlarni yozib qo‘yish amaliyotiga barham berish;

muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan jinoyat sodir etganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish;

b) sutkaning kechki va tungi vaqtida ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ish yuritish tartibini soddalashtirish yuzasidan takliflar kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi bir oy muddatda “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlarining faoliyat yuritishini tashkil etish tartibi, faoliyatni baholash mexanizmi va mezonlarini belgilaydigan “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Xavfsiz shahar” apparat-dasturiy kompleksini amalga oshirish jarayonida Toshkent shahrining barcha ichki ishlar bo‘limlarini shaxsning yuzini va transport vositalarining davlat raqami belgisini intellektual tanib olish tizimi bilan jihozlashni nazarda tutadi.

Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish respublika komissiyasi (N.Yo‘ldoshev) Toshkent shahrida Kontseptsiya samarali amalga oshirilishining tizimli monitoringini ta'minlaydi hamda 2018 yil yakuni bo‘yicha bunday amaliyotni respublikaning boshqa hududlarida joriy etish yuzasidan takliflar kiritadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid