O‘zbekiston | 07:28 / 21.06.2018
1556
10 daqiqa o‘qiladi

“Eng yaxshi huquq targ‘ibotchisi” tanlovi qanday nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi?

Tanlovda O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ishtirok etishi mumkin. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda.

Tanlov har yili Mustaqillik bayrami arafasida o‘tkaziladi.

Tanlov quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:

• “Huquqiy targ‘ibotdagi fidoyiligi uchun”;
• “Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi mutaxassis”;
• “Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi jurnalist”;
• “Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi OAV”;
• “Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi bloger”;
• “Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi sayt”;
• “Huquqiy targ‘ibotdagi eng yaxshi innovatsion loyiha”;
• “Mahallada huquqiy madaniyatni yuksaltirishdagi faolligi uchun”;
• “Huquqiy targ‘ibotdagi eng yaqin hamkor”;
• “Eng yosh huquq targ‘ibotchisi”.

Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan har bir nomzod hujjatlari va materiallarini tanlov tashkiliy qo‘mitaning ishchi organiga ariza bilan topshiradi.

Arizaga quyidagi hujjatlar va materiallar ilova qilinishi lozim:

• nomzodning pasport nusxasi;
• nomzodning rezyumesi;
• nomzodning so‘nggi bir yil mobaynidagi jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish borasida amalga oshirgan ishlari va alohida yutuqlari (matbuotda chop etilgan va veb-saytlarda e'lon qilingan maqolalar, bukletlar, plakatlar, risolalar, savol-javob va sharhlovchi qo‘llanmalar, foto va videomateriallar hamda huquqiy targ‘ibot olib borilganligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar).

Hujjatlar yilning 25 iyuliga qadar qabul qilinadi. Tanlovga belgilangan muddatdan so‘ng topshirilgan hujjatlar va materiallar ko‘rib chiqilmaydi.

Ishchi organ nomzodlarni alohida jurnalga qayd etadi va barcha hujjatlarni 30 iyul kuniga qadar tashkiliy qo‘mitaga taqdim etadi.

Tanlov g‘olibi quyidagi mezonlar asosida aniqlanadi:

a) “Huquqiy targ‘ibotdagi fidoyiligi uchun” nominatsiyasi bo‘yicha:

• nomzod tomonidan jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ko‘p yillik faoliyati;
• ustoz-shogird an'analari asosida shogirdlar yetishtirgani;
• huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan adabiyotlarga mualliflik yoki hammualliflik qilgani;
• fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qo‘shgan hissasi;
• nomzodning sa'y-harakati yoki faoliyatining ijtimoiy ahamiyatga egaligi;
• fuqarolarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, davlat mustaqilligini mustahkamlashdagi hissasi;

b) “Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi mutaxassis” nominatsiyasi bo‘yicha:

• nomzodning huquqshunos mutaxassisligiga bo‘yicha ko‘p yillik mehnat staji;
• yil davomida yetakchi bosma va internet nashrlarida aholining huquqiy savodxonligini va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan maqolalar e'lon qilgani (kamida uchta);
• konferensiyalar to‘plamlarida maqolalari chop etgani;
• aholi o‘rtasida og‘zaki huquqiy targ‘ibot ishlarini (ma'ruza, davra suhbatlari, seminar, konferensiyalar) o‘tkazgani (kamida o‘n marotaba);
• ko‘rgazmali huquqiy targ‘ibot ishlari (plakat, buklet, flayer va boshqalar);
• nomzodning sa'y-harakati yoki faoliyatining ijtimoiy ahamiyatga egaligi;

v) “Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi jurnalist” nominatsiyasi bo‘yicha:

• huquqiy mavzudagi jurnalistik materialning mazmuni va dolzarbligi;
• huquqiy mavzudagi jurnalistik materialda ko‘tarilgan mavzuning miqyosi va ko‘lami (tuman, viloyat, shahar, respublika darajasida);
• jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan kamida uchta telelavha, radioeshittirish, gezeta va jurnaldagi maqola, internet materiallari;

g) “Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi OAV” nominatsiyasi bo‘yicha:

• OAVda huquqiy targ‘ibot materiallarining tez-tez chop etilishi, e'lon qilinishi;
• huquqiy maslahat yo‘nalishida faollik ko‘rsatgani (fuqarolarning savollariga berilgan malakali javoblar, doimiy ruknlar tashkil etilganligi ustunlikka ega);
• zamonaviy usullardan foydalangan holda huquqiy targ‘ibot olib borgani (infografikalar, komikslar, karikaturalar va boshqa zamonaviy usullardan fodalangan holda huquqiy targ‘ibot olib borish, kamida beshta material);
• huquqiy targ‘ibotni keng ommaga yetkazish va jamoatchilik fikrini shakllantirishda hamkorlik yordami (so‘rovnomalar o‘tkazishga yordam bergani, tadbirlar haqida xabarlar tarqatgani, reportajlar uzatgani, Adliya vazirligi bilan yaqindan hamkorlik qilgani);

d) “Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi bloger” nominatsiyasi bo‘yicha:

• aholining huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha turkum materiallari (yil davomida kamida beshta);
• jamoatchilik fikrni shakllantirishda va huquqiy targ‘ibot yo‘nalishidagi muhokamalarda faollik ko‘rsatgani;
• qonunchilikdagi yangiliklarga hozirjavoblik bilan munosabat bildirgani;
• huquqiy masalalarga professional yondashuvi;

ye) “Huquqiy madaniyatni targ‘ib qiluvchi eng yaxshi sayt” nominatsiyasi bo‘yicha:

• huquqiy savodxonlikni oshirish bo‘yicha berilgan turkum internet materiallari (rukn, maqola, xabar, tanqidiy chiqish, audio va videomaterial);
• huquqiy targ‘ibot sohasiga ko‘rsatgan amaliy yordami (axborot hamkorligi, targ‘ibot jarayonini yoritishdagi faolligi);
• saytga kiruvchilar soni;
• huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan yaqin hamkorligi;

j) “Huquqiy targ‘ibotdagi eng yaxshi innovatsion loyiha” nominatsiyasi bo‘yicha:

• huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda aholining huquqiy savodxonligini oshirishga yordam beradigan innovatsion loyiha; 
• mobil ilovalar, dasturlar;
• ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi guruh va kanallar, prezentatsiyalar, aksiyalar;

z) “Mahallada huquqiy madaniyatni yuksaltirishdagi faolligi uchun” nominatsiyasi bo‘yicha:

• mahallada aholining huquqiy savodxonligini va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan davra suhbatlari, uchrashuvlar turli tadbirlar o‘tkazganligi;
• fuqarolarning huquqiy manfaatlarini himoya qilib, amaliy natijalarni qo‘lga kiritganligi;
• mahalla aholisi o‘rtasida og‘zaki huquqiy targ‘ibot ishlari (ma'ruza, davra suhbatlari, seminar, konferensiyalar) o‘tkazilganligi (kamida besh marotaba);
• nomzodning sa'y-harakati yoki faoliyatining ijtimoiy ahamiyatga egaligi;

k) “Huquqiy targ‘ibotdagi eng yaqin hamkor” nominatsiyasi bo‘yicha:

• huquqiy targ‘ibot tadbirlariga muntazam hamkorligi uchun;
• jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan tadbirlar va boshqa loyihalarni amalga oshirishda homiyligi uchun;

l) “Eng yosh huquq targ‘ibotchisi” nominatsiyasi bo‘yicha (ushbu nominatsiyada 18 dan 30 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar ishtirok etishi mumkin):

• yetakchi davriy nashrlarda yoshlarning huquqiy savodxonligini va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan maqolalar uchun (kamida uchta);
• yoshlar o‘rtasida og‘zaki huquqiy targ‘ibot ishlarida (ma'ruza, davra suhbatlari, seminar, konferensiyalar) ishtiroki (yil davomida kamida o‘n marotaba);
• ko‘rgazmali huquqiy targ‘ibot ishlari (plakat, buklet, flayer va boshqalar) uchun;
• nomzodning sa'y-harakati yoki faoliyatining ijtimoiy ahamiyatga egaligi.

Tanlov g‘oliblarini aniqlash maqsadida malakali huquqshunoslar hamda tajribali amaliyot xodimlaridan iborat tanlov hay'ati tuziladi.

Tanlov hay'ati har bir nominatsiya bo‘yicha kelib tushgan hujjatlarni yilning 1 avgust kunidan 15 avgust kuniga qadar ko‘rib chiqadi va nomzodlar orasidan tanlov g‘oliblarini aniqlaydi hamda bu to‘g‘risida qaror qabul qiladi.

G‘oliblarni aniqlashda tanlov hay'ati tomonidan tasdiqlangan baholash mezonlari asos qilib olinadi. Hay'at tanlovda ishtirok etgan materiallar haqida jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarni ham e'tiborga oladi.

Tanlov g‘oliblarini taqdirlash haqidagi ma'lumot Adliya vazirligi va boshqa hamkor tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarida e'lon qilinadi.

G‘oliblar esdalik nishonlar, diplomlar, statuetkalar, sovrinlar va belgilangan miqdordagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Tanlov natijalarini e'lon qilish hamda g‘oliblarni taqdirlash Mustaqillik bayrami arafasida tanlov hay'ati a'zolari, ishtirokchilar, ijodiy jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari taklif qilingan holda amalga oshiriladi.

Nomzodlar tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan hujjatlar hamda materiallar bo‘yicha izoh yoki sharh berilmaydi va ular egalariga qaytarilmaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid