Jahon | 19:32 / 04.07.2018
10810
2 daqiqa o‘qiladi

AR: Tramp maslahatchilari bilan Venesuelaga bostirib kirish imkoniyatini muhokama qilgan

Foto: Chris Kleponis / Abaca

AQSh prezidenti Donald Tramp 2017 yil avgustida Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardan birida maslahatchilari bilan Venesuelaga harbiy xuruj uyushtirish imkoniyatini muhokama qilgan. Bu haqda Oq uy ma'muriyatidagi manbaga asoslanib Associated Press (AP) agentligi xabar qildi.

Manbaning aytishicha, “Venesuela mintaqadagi xavfsizlikka tahdid keltirib chiqarayotganini hisobga olgan holda nima uchun AQSh bu muammoli mamlakatga qo‘shin kirita olmaydi”, – degan Tramp. 

Agentlik ma'lumotiga ko‘ra, prezidentning bu savoli uchrashuvdagi barcha mansabdorlar, jumladan, o‘sha vaqtdagi AQSh davlat kotibi Reks Tillerson va prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Gerbert Makmasterni shok holatiga solib qo‘ygan. Besh daqiqacha davom etgan munozarada Makmaster va Trampning boshqa maslahatchilari Venesuelaga bostirib kirish Amerikaning mintaqadagi manfaatlariga zarba bo‘lishi va Lotin Amerikasidagi boshqa mamlakatlarning AQShga nisbatan ishonchi yo‘qolishiga olib kelishi mumkinligini tushuntirishgan.

Agentlikning qayd etishicha, keyinroq, 2017 yil sentabrida Tramp bu masalani BMT Bosh assambleyasi doirasida Lotin Amerikasidagi to‘rtta davlat rahbarlari bilan kechki taom paytida yana ko‘targan. Agentlik manbasining bildirishicha, Trampning yordamchilari undan bu masalaga o‘tmaslikni so‘rashgan, biroq Oq uy rahbari ularga quloq solmagan va Venesueladagi vaziyatni qurol yordamida hal qilish borasida suhbatdoshlarining fikrini so‘ragan. 

2017 yil aprelidan avgustiga qadar Venesuelada hukumatga qarshi keyingi yillardagi eng yirik norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgandi. Namoyishlarga Oliy sudning prezident Nikolas Maduroning vakolatlarini kengaytirish va parlament vazifalarini cheklash haqidagi qarori sabab bo‘ldi. Maduroning qaroriga binoan Konstitutsion assambleyaning saylanishini AQSh “demokratiyaga berilgan zarba” deb atadi va Venesuelaga qarshi sanksiyalar joriy etdi.

Mavzuga oid