O‘zbekiston | 12:44 / 04.07.2018
39200
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev o‘z videomurojaatida Nazarboyevning xizmatlarini e'tirof etdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev videomurojaat orqali Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi. Bir daqiqadan ortiqroq davom etgan ushbu video qo‘shni respublika rahbarining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida keltirilgan.

«Birinchi navbatda shuni qayd etmoqchi edimki, taqdir menga  jahon darajasidagi siyosiy arbob – Qozog‘iston prezidenti Nursulton Abishevich Nazarboyev bilan hamkorlik qilish va birgalikda ishlash imkoniyatini taqdim etdi», – degan O‘zbekiston prezidenti.

Shavkat Mirziyoyev 6 iyul kuni 78 yoshga to‘ladigan Nazarboyevni katta islohotchi deb atagan. O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘istonning bugungi kundagi barcha yutuqlari Nazarboyev nomi bilan bog‘liq, deb atagan.

«U judayam kelajakka intilgan kishi. U umuman, o‘z hayotida ham islohotchi. Buni Qozog‘iston mustaqillik yillarida erishgan yutuqlarga qarab ham bilish mumkin», – degan o‘zbekistonliklar yetakchisi.

Shavkat Mirziyoyevning fikricha, Nursulton Nazarboyev erishgan eng katta muvaffaqiyat – bu mamlakatdagi tinchlik va xotirjamlikdir. U hozirda barcha mamlakatlar Qozog‘iston erishgan yutuqlarni ko‘rib turganini qayd etgan.

«Menga u bilan ishlash juda ham qulay. Menga u bilan til topishish juda oson. Har bir uchrashuvimiz men uchun ibratli bo‘lgan. Uning yana bir alohida sifati shundaki, Nursulton Abishevich hamisha o‘z jamoasiga jiddiy e'tibor qaratadi. Bu jamoa esa Prezident Nazarboyevning inqilobiy g‘oyalarini hayotga tatbiq etadi», – deydi Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti o‘zining ilk intervyusini 2017 yil martida «Kazinform» axborot agentligi uchun bergandi. O‘shanda u o‘zbek-qozoq munosabatlari Markaziy Osiyodagi barqarorlik uchun ahamiyatli ekanini ma'lum qilib o‘tgandi.

Mavzuga oid