Jahon | 08:23 / 06.07.2018
11704
3 daqiqa o‘qiladi

Bugun Qozog‘istonda Poytaxt kuni nishonlanadi

Foto: Fotolia

Qozog‘istonda 6 iyulda davlat bayrami – Poytaxt kuni keng nishonlanadi. Joriy yilda Ostona 20 yilligini nishonlaydi. 

1998 yil 10 iyulda Ostonaning Qozog‘istonning yangi poytaxti sifatidagi xalqaro taqdimoti bo‘lib o‘tgan. Bayram 2008 yilgacha shahar darajasida aynan shu kuni nishonlab kelingan. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev shu yili qonunchilikka 6 iyulni “Poytaxt kuni” davlat bayrami sifatida nishonlanishi ko‘zda tutilgan o‘zgartirishlar kiritgan.   

Shuningdek, 6 iyul Nursulton Nazarboyevning tug‘ilgan kuni bo‘lib, bu yil Elbasi 78 yoshini qarshilaydi. 

Poytaxtning yubileyiga tayyorlanish davomida Qozog‘istonda “Viloyatlar Ostonaga tuhfa sifatida” dasturi amalga oshirilgan. Bu dastur doirasida viloyatlar Ostonadagi turli obektlar qurilishi va rekonstruksiyasida ishtirok etgan. Misol uchun, Ostonaga yangi bolalar bog‘chasi, sport-ko‘ngilochar bog‘i, Yesil daryosi orqali velopiyoda ko‘prigi, musiqiy favvora, piyodalar xiyobonlari, do‘stlik uyi va boshqa obektlar tuhfa qilingan. 

Qozog‘iston prezidenti Ostonaning 20 yilligi nishonlanishiga 4 iyulda “Atameken” yodgorlik majmuasida Qozog‘iston bayrog‘ini ko‘tarish bilan start berdi. Nazarboyev tantanali nutqida Ostonani bugun butun dunyo bilishini ta'kidlab o‘tgan.

“Moviy bayroq ostida bugun biz poytaxtning 20 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarga start beramiz. 20 yil tarix uchun go‘yoki bir lahzadek. Ostona dashtda ikki asr tutashuvi vaqtida qurilgan yer yuzidagi yagona shahardir”, deb aytgan Nazarboyev.

Shu kuni Ostona va butun Qozog‘iston bo‘ylab “Poytaxt kuni”ga bag‘ishlangan turli madaniy tadbirlar, konsertlar, sport bellashuvlari, san'at festivallari, fotosuratlar tanlovlari bo‘lib o‘tadi.

Ostona poytaxt maqomini 1994 yil 6 iyulda, Qozog‘iston oliy kengashi poytaxtni Olmaotadan Oqmolaga (Ostonaning avvalgi nomi) ko‘chirishga qaror qilganda olgan. Rasman poytaxt 1997 yil 10 dekabrda ko‘chirilgan, 1998 yil 6 mayda esa Oqmola Ostona deb qayta nomlangan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid