Jahon | 16:40 / 07.07.2018
7174
2 daqiqa o‘qiladi

Tereza Mey vazirlarni iste'foga chiqarish bilan tahdid qildi

Foto: The Independent

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey mamlakat tashqi ishlar vaziri Boris Jonson va boshqa vazirlar Yevroittifoqdan chiqish rejasidan bosh tortgan taqdirda ularni iste'foga chiqarishga va'da berdi. Bu haqda Britaniya hukumati rahbari Vazirlar Mahkamasining 6 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida aytib o‘tgan, deb yozadi The Times.

Nashr xabariga ko‘ra, Mey parlamentdagi yetakchi kuch – Konservativ partiya vakillarini birlashishga va Bryussel bilan erkin savdo hududi to‘g‘risidagi bitimni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan. U shuningdek, parlament roziligisiz hech qanday reja amalga oshirilmasligini tasdiqlagan.

Tereza Mey, Brexit jarayoni yakunlangach, Britaniya va YeI o‘rtasida sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun cheklovlarsiz erkin savdo hududi yaratilishiga erishmoqchi.

Xabarda qayd etilishicha, bosh vazir uning bu rejasiga qarshi chiqadigan vazirlarni iste'foga chiqarishini aytgan.

«Brexit bo‘yicha siyosatimizni ishlab chiqish jarayonida Vazirlar Mahkamasidagi hamkasblarimga o‘z shaxsiy qarashlarini bildirish imkonini bergandim. Ushbu masala bo‘yicha bir to‘xtamga kelingani endilikda bu borada vaziyat o‘zgarishini va jamoaviy masuliyat to‘la qayta tiklanishini bildiradi», - deya Mey xonimning so‘zlarini keltirib o‘tgan ingliz nashri.

Britaniya Vazirlar Mahkamasi kechagi yig‘ilishda Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar bo‘yicha jamoaviy bir to‘xtamga kelib oldi. Yig‘ilish yakunida Tereza Mey Buyuk Britaniya Brexit`dan so‘ng YeI bilan erkin savdo hududini yaratish taklifi bilan chiqishini e'lon qildi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid