Iqtisodiyot | 15:40 / 08.07.2018
22014
2 daqiqa o‘qiladi

Samsung Galaxy S9 kompaniya tarixidagi eng muvaffaqiyatsiz sotuvlarni qayd etmoqda

Samsung Galaxy S9 flagmanini ishlab chiqaruvchi o‘z tarixidagi eng keng ko‘lamli reklama bilan qo‘llab-quvvatladi, bunga ushbu mobil qurilma sotilayotgan barcha mamlakatlarda guvoh bo‘lish mumkin edi. Shunga qaramay, sotuvlarga start berilganining ilk haftasidanoq ishlar  rejadagidek ketmayotgani sezildi, chunki talab kutilganidan ancha past bo‘lib chiqdi. O‘sha vaqtlardan 3 oyga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, tahlilchilar nihoyat smartfon sotuvlariga doir barcha haqiqatni bayon etishdi.

Foto: Samsung

Ma'lum bo‘lishicha, Samsung Galaxy S9 flagman telefoni sotuvlari to‘liq tanazzulga yuz tutgan, rasmiy hisobot shunday xulosa qilishga asos bo‘lgan. 2018 yilning ikkinchi choragida Janubiy Koreya korporatsiyasi o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 0,7 foizga kam daromad olgan. Bu mahsulot reklamasiga esa bir necha baravar ko‘p mablag‘ sarflangan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Samsung kompaniyasi 2018 yilning oxirigacha 31 millionta Galaxy S9'ni sotishni rejalashtirmoqda, biroq hatto bunga ham erishib bo‘lmasligi taxmin qilinmoqda. Taqqoslash uchun: Galaxy S7 2016 yilda 50 million nusxada sotilgan. 2012 yilda ishlab chiqarilgan Galaxy S3 smartfoni 40 million nusxada sotilgan. Bu esa yangi flagman korporatsiyaning olti yil avvalgi modelidan-da past natijalarni qayd etadi degani. 

Foto: Daimoi

Ta'kidlash joizki, Samsung kompaniyasining top-smartfonlari sotuvlari yil sayin o‘sib borayotgan edi, biroq bu yil barchasi o‘zgardi. Vaziyatni faqat yangi Galaxy S10 modeli qutqarishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. 

Mavzuga oid