Rasman: 2019 yilgi mavsumdan boshlab futbolchilarda ko‘tarma puli bo‘lmaydi
O‘zbekiston klublari futbolchilarga ko‘tarma pullari bermaydi. Bu holat 2019 yil uchun tuziladigan shartnomalarda o‘z ifodasini topadi, deb yozadi O‘FA rasmiy sayti.
O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov topshirig‘iga ko‘ra, davlat tomonidan moliyalashtirilayotgan klublarning shtat jadvali hamda infratuzilmasini tartibga keltirish ishlari boshlangandi. Ko‘tarma pullari masalasi bunda alohida o‘rin tutadigan bo‘ldi.
“Hali bir ishni qoyil qilib qo‘ymagan futbolchining klubga kelmay turiboq millionlab pul talab qilishini tushunish qiyin. U o‘z saviyasiga qarab oylik-maosh yoki mehnatlari evaziga mukofot pullarini talab qilishi mumkin. Shu vaqtgacha uning quruq savlatiga berilgan pul endilikda futbolchini tarbiya qilgan futbol maktablari hamda murabbiylariga yo‘naltiriladi. Bu o‘z navbatida bolalar futbolida faoliyat olib borayotgan murabbiylarni sifatli futbolchilarni yetishtirishga bo‘lgan intilishini kuchaytiradi”, — deb aytib o‘tdi Umid Ahmadjonov O‘FA hamda PFL rahbariyati bilan uchrashuvda.
To‘g‘ri, ko‘tarma puli ko‘rinishidagi rag‘batlantirish butun dunyoda bor. Biroq futbolchi bunday mavqega chiqishi uchun jiddiy mehnat qiladi. U bir qator klublar nazariga tushganida nafaqat transfer narxi, balki o‘zining klub bilan kelishajak shartnomasida ham raqamlar o‘sib boradi.
Ayni vaqtda esa O‘zbekistonda ko‘plab klublar davlat korxonalari tomonidan rag‘batlantiriladi. Qolaversa, ko‘tarma pullarini berish tartibi bir qator shubhalarga sabab bo‘lyaptiki, buning orqasidan futbolchi hamda manfaatdor tomon moliyaviy yutuqqa erishishi mumkin. Biroq futbol ham, klublar ham rivojlanib qolmayapti. Endilikda futbolchilar qilgan mehnati uchun va albatta yutug‘i uchun rag‘batlantiriladi. To futbol klublari xususiylashib, o‘rtada sog‘lom raqobat vujudga kelmaguniga qadar, ko‘tarma puli tushunchasi unutiladi.
“Ayniqsa, 1 yillik, yarim yillik bo‘lgan legioner futbolchilar uchun berilayotgan ko‘tarma pullari achinarli. Keladi, millionni cho‘ntagiga soladi, o‘ynasa o‘ynadi, o‘ynolmasa indamay qaytib ketaveradi. Klublar uvol bo‘layotgan shu pullarni o‘z akademiyasini qurish, keyinchalik uni shakllantirish, stadionini, infratuzilmasini rivojlantirish uchun sarflasin. Bizga boqimanda klublarning quruq savlati kerak emas. Davlat ularga suyanch bo‘layotganidan foydalanib, o‘z kelajaklari haqida qayg‘urishsin. O‘sha saviyasiz legionerlar bugun bor, ertaga yo‘q. Akademiya yoki stadionlar esa o‘zimizga qoladi, futbolimiz rivoji uchun xizmat qiladi”, — dedi Umid Ahmadjonov.
Professional futbol ligasi OFK talablaridan kelib chiqib, Pepsi Superliga klublariga majburiy shtat jadvali ko‘rinishini taqdim etgandi. Tez orada akademiyalar bo‘yicha shunday shtat jadvali yuboriladi. Stadion ishchilari hamda boshqa texnik xodimlar masalasi esa yana alohida muhokama qilinadi. Yilda ikki marta bo‘lib o‘tadigan audit tekshiruvi orqali klublarning kirim hamda chiqimlari, pullarning qanday maqsadda ishlatilayotgani nazorat qilib boriladi.
Bunda bir jihatni tushunish kerak, PFL ham, O‘FA ham klublarning qanday qanday ko‘rinishda faoliyat olib borishi, qanday mutaxassislar bilan qay ko‘rinishda ishlashi masalasiga aralashmaydi. Ammo futbol uchun berilgan pullarning bemaqsad sarflab tashlanishiga ham yo‘l qo‘ymaydi. Bungacha klub bosh direktoridan tortib, ayrim rahbarlarning oddiy ishchi ko‘rinishidagi yaqinlarigacha ko‘tarma pullari olib kelgan bo‘lsa, endilikda bu kabi ishlarga chek qo‘yiladi.
Mavzuga oid
19:04 / 16.03.2024
UZCARD O‘FA va PFL rasmiy hamkoriga aylandi
14:59 / 19.02.2024
O‘FA hisobchisi 350 ming dollarni o‘zlashtirib, qochib ketgani haqida xabarlar tarqaldi
17:17 / 26.12.2023
Fayzullayev – O‘zbekistonning 2023 yildagi eng yaxshi futbolchisi. O‘FA yil laureatlarini e’lon qildi
16:24 / 19.07.2023