Sport | 17:10 / 10.07.2018
11814
2 daqiqa o‘qiladi

«Lokomotiv» bir kunda 3 futbolchini tarkibga qo‘shib oldi

Toshkentning «Lokomotiv» klubi 3 nafar futbolchi bilan tarkibni to‘ldirdi.

Toshkentliklar jamoasi safiga sobiq futbolchisi, Qatarning «Al-Sayliya» bilan shartnomasi yakunlangan va erkin agentga aylangan hujumchi Temurxo‘ja Abduxoliqov, Xitoyning «Chanchung Yatai» klubi bilan shartnomasi uzaytirilmagach, erkin agentga aylangan himoyachi Anzur Ismoilov hamda RFPL vakili, rossiyalik hujumchi Pavel Pogrebnyakning ukasi, himoyachi Nikolay Pogrebnyak kelib qo‘shildi.

Ayni vaqtda bu futbolchilarning barchasi bilan shartnomalar imzolangan.

Faoliyatini 2001 yili Samarqandning «Dinamo» klubida boshlagan futbolchi, keyingi yillarda «Traktor» (2002-2003), «Paxtakor» (2003-2010) va «Bunyodkor» (2010-2011) klublari safida to‘p surgandi. 2011 yili «Qaldirg‘ochlar» klubi safidan Xitoyga yo‘l olgan Anzur Ismoilov «Chanchun Yatai» jamoasida asosiy futbolchiga aylanib, bu klub uchun 182 o‘yin o‘tkazdi va 12ta gol urdi. «Temiryo‘lchilar» ushbu futbolchi bilan ikki yillik shartnoma imzolandi.

Temurxo‘ja Abduxoliqov 2017 yilning yanvarida aynan «Lokomotiv»dan «Al-Sayliya» safiga yo‘l olgan va 1,5 yillik shartnoma imzolagandi. 30 iyun kuni ushbu shartnoma muddati tugadi, tomonlar kelishuvni uzaytirmaslikka qaror qilishdi. Abduxoliqov Qatar Superligasida 17 uchrashuvda maydonga tushib raqiblar darvozasini 11 marta nishonga oldi. 

Ayni vaqtda 26 yoshda bo‘lgan Nikolay Pogrebnyak turli yillarda RFPLda «Tom» (2010-2015), «Baltika» (2015) «Torpedo» (2015-2016) va «Dinamo» Stavropol (2016-2017) jamoalari safida to‘p surgan. U faoliyati davomida hujumchi, yarim himoyachi va himoyachi pozitsiyalarida harakat qilgan, oxirgi mavsumda jamoasiz edi.

Mavzuga oid