Jahon | 13:39 / 11.07.2018
9326
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyadagi suv toshqini qurbonlari soni ortmoqda

Foto: Haruka Nuga/AP

Yaponiya hukumati xabariga ko‘ra, mamlakatning janubiy-g‘arbiy va markaziy hududlaridagi suv toshqinlari oqibatida 176 nafar inson halok bo‘lgan, 3 nafarining ahvoli og‘ir darajada, 9 nafari bedarak yo‘qolgan. 

«Ayni paytda, 176 nafar inson halok bo‘ldi, 3 nafarining yuragi va o‘pkasi ishlamay qolishi oqibatida, ahvoli og‘ir darajada, 9 nafar inson bedarak yo‘qolgan. Tabiiy ofat hududida mudofaa kuchlari, politsiya va o‘t o‘chiruvchilarning 75 mingdan ortiq xodimi ishlamoqda. Qutqaruv ishlariga 83ta vertolyot jalb qilingan. Tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan hududlarda qisqa muddatli jala quyishi mumkin, ammo, yomg‘ir yog‘magan taqdirda ham, tuproq ko‘chkisi sodir bo‘lish xavfi juda yuqori» - dedi Yaponiya hukumati bosh kotibi Yosixide Suga Tokioda uyushtirilgan matbuot anjumanida.

Zarar ko‘rgan hududlarda do‘konlar yopilgan. Evakuatsiya punktlarida gumanitar yordam tarqatish nuqtalari ishlamoqda. Ko‘ngillilarni jalb qilish ham yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi paytda 255 mingdan ortiq xonadon suvsiz qolgan. 35 darajali issiq sharoitida bu jiddiy muammoni keltirib chiqarmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta oxirida Yaponiyaning janubiy-g‘arbiy va markaziy hududlaridagi kuchli yomg‘irlar suv toshqini va ko‘chkilarga olib kelgan edi. Ba'zi joylarda daryolarning qirg‘og‘idan chiqib ketishi natijasida, juda katta hududlar suv ostida qoldi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid